O‘qituvchilar o‘rtasidagi “Zakovat” musobaqasi yakunlandi
Mamlakatimizda ustoz-murabbiylarning nafaqat pedagogik mahoratini, balki ularning keng dunyoqarashi va intellektual salohiyatini namoyish etuvchi an’anaviy “Zakovat” musobaqasi o‘z yakuniga yetdi.
Ketma-ket beshinchi yil tashkil etilgan ushbu nufuzli turnir bu safar ham respublikamizning eng bilimdon pedagoglarini bir davraga jamladi. Hal qiluvchi final bosqichiga yetib kelgan 42 ta eng kuchli jamoa o‘rtasidagi murosasiz va hayajonli bahslar yurtimizda ilmga, izlanishga bo‘lgan e’tiborning yana bir yorqin namunasiga aylandi.
Jumladan, 1-o‘rin Samarqand viloyati Payariq tumanidagi 84-maktab jamoasiga, 2-o‘rin “Synergy school” NTM jamoasiga, 3-o‘rin “AIHAN school” NTM jamoasiga nasib qildi.

G‘olib jamoalar diplom, medal, kubok va pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Xususan, 1-o‘rin egalari 100 million so‘m, 2-o‘rin 60 million so‘m, 3-o‘rin 40 million so‘m bilan taqdirlandi.
G.Boboyeva,
O‘zA