IT va “Gaming” sohalarida O‘zbekiston–Turkiya hamkorligi rivojlanmoqda
Yoshlar ishlari agentligida Turkiyaning “Bilişim Vadisi" texnologik markazi rahbari va vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“Bilişim Vadisi” (Informatika vodiysi) — Turkiyaning eng yirik texnologiya va innovatsiyalar markazi bo‘lib, mamlakatning ilmiy-texnikaviy salohiyatini oshirishda strategik ahamiyatga ega. 2019-yilda rasmiy faoliyat boshlagan ushbu texnopark Turkiyaning "Milliy texnologik hamla" (Milli Teknoloji Hamlesi) dasturi doirasida iqtisodiy va texnologik mustaqillikni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan.

Uchrashuvda “Gaming” industriyasi, texnologik startaplar va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish masalalari muhokama qilindi. Tashkilot faoliyati, startaplar uchun yaratilgan muhit hamda “Gaming” yo‘nalishidagi tajriba bilan tanishildi.
Uchrashuvda qayd etilganidek, “Gaming” (o‘yinlar) ekotizimi bu shunchaki videoo‘yinlar o‘ynashdan iborat emas, balki dasturiy ta’minot, texnik qurilmalar, kontent yaratuvchilar, musobaqalar va milliardlab foydalanuvchilarni birlashtirgan juda katta, o‘zaro bog‘liq raqamli va iqtisodiy tarmoq.

Shuningdek, O‘zbekistonda “Gaming” ekotizimini rivojlantirish, yoshlarni dasturlash, dizayn, marketing va biznes yo‘nalishlarida tayyorlash, startap jamoalarni shakllantirish va ularni inkubatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Kelgusida hamkorlik doirasida yoshlarni ta’lim va mentorlik dasturlariga jalb qilish, istiqbolli “Gaming” loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro bozorga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Qayd etilganidek, O‘zbekistonda yoshlar uchun zamonaviy “Gaming” ekotizimini shakllantirish va ularning xalqaro imkoniyatlarini kengaytirish yangi darajaga chiqmoqda.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA