Germaniyalik rassom ijodidan namunalar namoyish etildi
O‘zbekiston Badiiy akademiyasining ko‘rgazmalar zalida ilk ekspressionizmning taniqli vakili, nemis rassomi Paula Moderson-Bekker tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi.
Ko‘rgazmada jami 85 ta rangtasvir va grafik asar, shuningdek, 11 ta kitob namoyish etildi.
Tadbirda qayd etilganidek, mazkur ko‘rgazma tashrif buyuruvchilarga XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi nemis san’ati muhitini his etish, Shimoliy Germaniya tabiatining manzaralari hamda inson qiyofalarining o‘ziga xos badiiy talqinlari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

Paula Moderson-Bekker ijodi nemis san’ati tarixida alohida o‘rin tutadi. Uning asarlarida inson va tabiat, kundalik hayot hamda ichki kechinmalarning o‘ziga xos badiiy ifodasi namoyon bo‘ladi. Mazkur ko‘rgazma avvalroq Samarqand va Urganch shaharlarida ham muvaffaqiyatli namoyish etilgan edi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston zamonaviy tasviriy san’ati Germaniyaning yirik madaniy markazlarida muntazam namoyish etib kelinmoqda. Shu bilan birga, Germaniyaning taniqli rassomlari va turli badiiy yo‘nalishlari ijodi O‘zbekiston tomoshabinlariga ham izchil tanishtirilmoqda. Bu boradagi madaniy almashinuvlarni rivojlantirishda Germaniyaning O‘zbekistondagi Elchixonasi va Gyote instituti muhim rol o‘ynamoqda.

Xususan, joriy yil fevral oyida Berlinda Temuriylar davri an’analarini o‘zida aks ettirgan “Asrlarni bog‘lagan meros: o‘zbek miniatyura san’ati” ko‘rgazmasi tashkil etilib, unda O‘zbekistonlik zamonaviy miniatyurachi rassomlarning ijod namunalari nemis san’at ixlosmandlariga taqdim etildi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasining ko‘rgazma zallarida ham so‘nggi yillarda nemis plakat san’ati, zamonaviy grafika va fotografiya yo‘nalishlariga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

O‘zbekiston va Germaniya rassomlari o‘rtasidagi bunday ijodiy aloqalar ikki mamlakat madaniy hayotini boyitish bilan birga, Sharq va G‘arb tasviriy san’at maktablari o‘rtasida o‘ziga xos madaniy ko‘prik vazifasini ham bajarmoqda.
G. Boboyeva, O‘zA