2025-yilda 127,8 million dona nihol va ko‘chat yetishtirilgan
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish masalalari bo‘yicha komissiya bilan hamkorlikda ko‘chat yetishtiruvchi va buta urug‘chiligi bilan shug‘ullanuvchi xo‘jaliklar va davlat o‘rmon xo‘jaliklari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, yashillik darajasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Yaqinda davlatimiz rahbari “Yashil makon” umummilliy loyihasini yangi bosqichga olib chiqish, mahallalarda aholi uchun qulay ekologik muhit yaratish va innovatsion yechimlarni joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishganda, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini ilmiy asosda tashkil etish, yerni tayyorlashdan boshlab sug‘orish tizimini yaratish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘rmon agentligi tomonidan 2025-yilda 1 ming 501 tonna daraxt va buta urug‘lari jamg‘arilib, 127,8 million dona nihol va ko‘chat, shu jumladan, 1 million dona yopiq ildizli yirik hajmli ko‘chat yetishtirilgan. O‘rmon agentligi tizimida 1 ming 508 gektar maydonda 80 ta ko‘chatxona faoliyat yuritmoqda. “Ilm – loyiha – amaliyot” zanjiri asosida 31,8 gektar maydonda zamonaviy ko‘chatxonalar tashkil etilgan. 2026-yilda esa ko‘chatxona va niholxonalar maydoni 1 ming 17 gektarga yetkazilib, 101,6 million dona nihol va ko‘chat, shuningdek, 937 tonna urug‘ tayyorlangan.

Muhokamalarda deputatlar ko‘chatlar sifati, mahalliy sharoitga mosligi va doimiy joyga ekilgandan keyingi yashab qolish darajasi bilan baholash zarurligini ta’kidladilar. “Yashil makon” loyihasi doirasidagi vazifalarni sifatli amalga oshirishda ko‘chatchilik bazasini mustahkamlash, mahalliy iqlim sharoitiga mos va yashovchan ko‘chatlar yetishtirish muhim ahamiyat kasb etishi aytib o‘tildi.
Shuningdek, ko‘chatxonalarni avtomatlashtirilgan tomchilatib sug‘orish, tuproq namligini nazorat qiluvchi datchiklar, soyalatish va boshqa resurs tejovchi texnologiyalar bilan jihozlash masalalari yuzasidan takliflar bildirildi.
M.Komilova, O‘zA