“IT sohasi rivojida xotin-qizlarning o‘rni” mavzusida xalqaro forum o‘tkazildi
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan hamkorlikda “IT sohasi rivojida xotin-qizlarning o‘rni” mavzusidagi xalqaro anjuman o‘tkazildi.
Anjuman doirasida xotin-qizlar tomonidan yaratilgan dasturiy mahsulotlar, veb-sayt, mobil ilova va innovatsion loyihalar targ‘ibotiga yo‘naltirilgan "ITWomenUz - 2024" ko‘rgazmasi va olima ayollarning talaba qizlar bilan davra suhbatlari o‘tkazildi.
Globallashuv davrida texnika asri talablariga moslashish talab etiladi. Moslashmagan odamning hayot kechirishi, daromad topishi og‘ir bo‘ladi. Informatsiya, Raqamli avlod, texnika asri kabi nom olayotgan bizning asrimizda zamon bilan hamnafaslik, global olam bilan muntazam muloqot o‘rnatish, farzandlarimizni fikr va aql, startap g‘oyalar ijodkori qilib tarbiyalash muhim hisoblanadi.
Shuningdek, zamonaviy ilm-fan axborot kommunikatsion texnologiyalari yordamida shakllanmoqda. Zero, mamlakatni taraqqiy ettirish, iqtisodiy jihatdan yuqori natijalarni qo‘lga kiritish ilm-fan yutuqlari, yangi texnologiyalar bilan ham juda bog‘liq. Shu bois, jahoniy tendensiyalarga hamohang tarzda mamlakatimizda ham ilmiy tadqiqotlar, zamonaviy axborot texnologiyalari, kompyuter savodxonligi, internet tezligini oshirish, “Elektron hukumat” tizimini yanada rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlarda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Toshkent axborot texnologiyalari universitetida o‘tkazilgan xalqaro anjumanda 150 nafardan ziyod IT sohasida faoliyat yuritayotgan va ilmiy tadqiqot ishlari olib borayotgan chet ellik va mamlakatimiz olimalari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Anjumanda zamonaviy raqamlashtirish va axborot-kommunikatsiya sohalariga ayollarni tobora kengroq jalb etish, ularning bu yo‘nalishdagi ilmiy-innovatsion g‘oyalarini faol qo‘llab-quvvatlash, jamiyat hayotining turli sohalariga joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
N.Usmonova, O‘zA