Iste’molchilar barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlanmoqda
Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifing “Hududiy elektr tarmoqlari“ AJ tomonidan iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlandi.
Unda mazkur tashkilot boshqarma boshlig‘i Saodat Ibragimova jamiyatda 24 soatlik ish rejimi joriy etilgani va elektr ta’minoti tizimi doimiy nazorat qilinayotganini ta’kidladi.
Ma’lum qilinganidek, 2025 yil yanvar oyida iste’molchilar tomonidan 5,9 milliard kilovatt soat elektr energiyasi iste’mol qilingan bo‘lib, shundan 2 milliard kilovatt soat aholi, 3,9 milliard kilovatt soati esa ulgurji iste’molchilar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Shuningdek, elektr ta’minoti sifatini oshirish maqsadida joriy yilning yanvar oyida 592,5 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 220 ta transformator punkti mukammal ta’mirlangan.
Tashkilot tomonidan 2025 yilning yanvar oyida 10,1 million dollarlik investitsiya o‘zlashtirilib, 0,4-110 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini yangilash va modernizatsiya qilish hamda raqamli transformatsiya ishlari amalga oshirilgan.
– Shu bilan birga, favqulodda avariya holatlarini tezkor bartaraf etish maqsadida zarur elektr uskunalari va materiallar zaxirasi yaratilgan, – dedi S.Ibragimova. – Xususan, 1 199 ta transformator, 417 tonna transformator moyi, 3 750 dona temir-beton tayanch, 128,3 tonna sim, 420,6 kilometr kabel, 4 366 ta mufta va 131 496 dona boshqa zarur materiallar zaxirasi shakllantirilgan.
Tadbir yakunida qish mavsumida elektr tarmoqlari va uskunalarning barqaror va ishonchli ishlashi uchun barcha tashkiliy-texnik choralar ko‘rilayotgani alohida qayd etildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA