Issiqxonachilikni rivojlantirishda xorij tajribasi o‘rganilmoqda
Shu kunlarda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Ispaniya davlatida bo‘lib turibdi.
Tashrifning asosiy maqsadi issiqxona texnologiyalari va tajribasini o‘rganish hamda issiqxona uskunalari, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik o‘rnatishdir. Ispaniya bugungi kunda Yevropa va dunyo bozorlarida agrosanoat, oziq-ovqat sanoati, qayta tiklanuvchi energiya, logistika hamda yuqori texnologiyali qishloq xo‘jaligi sohalarida yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakat tashqi iqtisodiy aloqalarda innovatsiya, eksportbop mahsulot ishlab chiqarish va zamonaviy texnologiyalar transferiga alohida ustuvor ahamiyat qaratmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Ispaniya o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va agrar sohalardagi hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.
Delegatsiya vakillari Almeriya viloyatida mezbon taraf vakillari bilan qizg‘in uchrashuv va muloqotlar o‘tkazdi. Mazkur hududning issiqxona sanoati dunyoda eng gigant sanaladi. Ushbu viloyatdagi issiqxonalar 31 ming gektargacha maydonni egallaydi va Yevropaning katta qismini sabzavotlar bilan ta’minlaydi. Ayniqsa, “Almeriya modeli” nomi bilan tanilgan issiqxona texnologiyasi qurg‘oqchil iqlim sharoitida ham intensiv dehqonchilik, gidroponika va tomchilatib sug‘orish tizimlaridan foydalanadi.

Delegatsiya kun tartibiga muvofiq, “Future Farms Solutions S.L.” kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi hamda mutasaddilar bilan istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur kompaniya tomonidan yuqori texnologiyali issiqxona loyihalarini ishlab chiqish, iqlim boshqaruvi va avtomatizatsiya tizimlari, sun’iy intellekt asosida agromonitoring, energiya samarador va suv tejovchi yechimlar xalq xo‘jaligiga keng tatbiq etilgan. Kompaniya mas’ullari bilan muloqot davomida Toshkent viloyatida zamonaviy issiqxona klasterlarini tashkil etish, aqlli yashil texnologiyalarni keng joriy qilish, suv tejovchi yechimlardan samarali foydalanish, agrar sohani raqamlashtirish hamda agroinjenerlik bo‘yicha texnologiyalar transferi kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tomonlar mazkur hamkorlik qishloq xo‘jaligida innovatsion yondashuvlarni kengaytirish, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar yetishtirish va sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Aslida qishloq xo‘jaligi muvaffaqiyatlarining zamini urug‘chilikdan boshlanadi. Shu tufayli Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiyaning navbatdagi manzili yirik urug‘chilik markazi bo‘ldi.

Almeriyada joylashgan “Grupo Cristalplant S.L.” kompaniyasi urug‘chilik va ko‘chat yetishtirish sohasidagi yetakchi markazlardan biri hisoblanadi. Kompaniya asosan fermerlar tomonidan taqdim etilgan urug‘lar asosida yuqori sifatli ko‘chatlar yetishtirish, turli navlarni payvand qilish hamda ko‘chatlarni belgilangan bosqichgacha professional parvarishlash bilan shug‘ullanadi.
Delegatsiyani kompaniya rahbari Xosep Blanko kutib oldi va korxona bo‘ylab ekskursiya o‘tkazildi. Korxona yillik 300 million donagacha ko‘chat yetkazib berish quvvatiga ega bo‘lib, tarkibida urug‘larni undirish, ko‘chatlarni payvand qilish va regeneratsiya qilish bo‘yicha zamonaviy laboratoriya markazi faoliyat yuritmoqda.

30 gektar hududda joylashgan mazkur majmuada innovatsion agrotexnologiyalar, avtomatlashtirilgan parvarish tizimlari va yuqori samarador ishlab chiqarish yechimlari keng qo‘llanilmoqda.
Uchrashuv davomida urug‘chilik, ko‘chatchilik, innovatsion agrotexnologiyalar hamda Toshkent viloyatida zamonaviy ko‘chatchilik markazlarini tashkil etish yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlik imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, tashrif doirasida kompaniyada qo‘llanilayotgan ilg‘or urug‘chilik va ko‘chat yetishtirish tajribalari o‘rganilib, sohadagi ilg‘or yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar mazkur hamkorlik qishloq xo‘jaligida yuqori hosildor va eksportbop mahsulotlar yetishtirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy qilish hamda sohadagi malaka va tajriba almashinuvini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
A.Musayev, O‘zA