Issiqlikdan ham jiddiy muammo: Yevropani suv va energiya sinovi kutmoqda
Yevropa bu yil faqat yuqori harorat emas, yana qator jiddiy muammolar bilan to‘qnash kelishi mumkin. Iqlimshunoslar Tinch okeanida, odatda, har ikki-yetti yil oralig‘ida kuzatiladigan, global miqyosda ob-havo jarayoniga ta’sir ko‘rsatadigan, Al-Ninyo deb ataluvchi tabiiy hodisa boshlanganini ma’lum qildi. Mutaxassislar fikricha, bu yilgi jarayon nafaqat issiqni kuchaytiradi, balki iqtisodiyot va oziq-ovqat ta’minotiga ham bosim o‘tkazadi.
So‘nggi taxminga ko‘ra, Yevropa yozi me’yordan ancha yuqori kechadi. Ayrim hududlarda harorat 40 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Natijada daryo sathi pasayadi, qishloq xo‘jaligi uchun zarur suv miqdori kamayadi, ayrim elektr stansiyalari esa sovitish tizimi uchun yetarli resurs topishda qiynalishi mumkin.
Energetika sohasi ham xavf ostida. Norvegiya kabi shimoliy yurtlar elektr tokini asosan suv ombori orqali ishlab chiqaradi. Qor va yomg‘ir kamayib, zaxira qisqarmoqda. Qolaversa, haddan tashqari issiq havo quyosh paneli samaradorligini ham pasaytiradi. Shu tariqa energiya narxi oshishi ehtimoli kuchayadi.
Mutaxassislar yana bir xavfga e’tibor qaratmoqda. Yevropa oziq-ovqat mahsulotlarining salmoqli qismini tashqi bozordan oladi. Qurg‘oqchilik tufayli bug‘doy, makkajo‘xori va kakao hosili kamaysa, narx o‘sadi. Shu bois Al-Ninyo nafaqat iqlimga, balki iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikka ham ta’sir ko‘rsatuvchi omil sifatida baholanmoqda.
Olimlar asosiy muammo vaqtincha jarayon hisoblangan Al-Ninyoning o‘zida emasligini ta’kidlamoqda. Ya’ni, asosiy xavf esa inson faoliyati tufayli kuchayib borayotgan iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq. Agar atmosferaga chiqarilayotgan zararli chiqindi kamaytirilmasa, bunday voqealar kelajakda yanada og‘ir oqibat keltirib chiqarishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA