“Issiqlik elektr stansiyalari kubogi” musobaqalari g‘oliblari aniqlandi
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan energetika sohasi vakillari o‘rtasida “Issiqlik elektr stansiyalari kubogi” sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, “Bir jamoa, bir maqsad, bir g‘alaba!” shiori ostida tashkil etilgan bellashuvlarda mamlakatimizning turli hududlaridagi issiqlik elektr stansiyalari va markazlarida mehnat qilayotgan 200 nafardan ziyod xodim ishtirok etdi.
Musobaqaning uch kuni davomida ishtirokchilar sportning bir qator turlarida o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi. Bellashuvlarda jamoaviy hamjihatlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va sog‘lom raqobat muhiti ustuvor bo‘ldi.
Musobaqalar yakunida eng yuqori natija qayd etgan jamoalar va ishtirokchilarni taqdirlash marosimi tashkil etildi. G‘olib va sovrindorlarga diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, bunday sport musobaqalari xodimlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bilan bir qatorda, jamoalar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA