Ispaniyada 2 tonna kokain ortilgan yaxta qo‘lga olindi
Ispaniya hukumati mamlakat shimoli-g‘arbidagi Galisiya qirg‘og‘idan qariyb 650 kilometr masofada 2,1 tonna kokain giyohvandlik moddasi olib ketilayotgan yaxtani tutib qoldi. Mamlakat Soliq va bojxona boshqarmasi (AEAT) ma’lum qilishicha, kema sahnidagi to‘rt nafar ekipaj a’zosi – Argentina, Urugvay, Kolumbiya va Albaniya fuqarolari hibsga olingan.
Guruhning yana bir vakili "Barselona" yaqinidagi Jirona shahrida ushlangan. Polsha bayrog‘i ostida suzgan 14 metrlik yaxta Vigo portiga tortib borilgan. Iyul oyida Ispaniyaning Fransiya bilan chegaraga yaqin O‘rta yer dengizi sohilidagi Roses portidan suzib chiqqan ushbu kema masofa boshidan kuzatuvda edi.
Bojxona xizmati bildirishicha, mazkur jinoyat yelkanli yaxta orqali giyohvand modda tashishga ixtisoslashgan hamda Sharqiy Yevropa va Bolqon yarim orolidagi jinoiy tuzilmalarga xizmat taklif qilib kelgan to‘daga aloqador.
Muvaffaqiyatli amalga oshirilgan amaliyotda Fransiya bojxonasi, Polsha va Buyuk Britaniya politsiyasi, shuningdek AQSH Giyohvandlikka qarshi kurash boshqarmasi (DEA) ham ishtirok etgan. Mahsulot qayerdan olib kelingani, yaxtaga qachon va qayerda ortilgani tafsiloti hozircha aniqlanmagan.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA