“Prokuror va yoshlar” muloqoti samarali o‘tdi
Sirdaryo viloyatida yoshlar bilan manzilli ishlash, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy muloqotlar izchil davom etmoqda. “Yoshlar kuni” munosabati bilan tashkil etilgan navbatdagi “Prokuror va yoshlar” uchrashuvi ham ana shunday ochiq va samimiy muloqot maydoniga aylandi.
Guliston shahridagi 8-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan tadbirda Sirdaryo viloyati prokurori Savid Imatov, viloyatdagi qator mas’ul idora va tashkilotlar rahbarlari, ta’lim muassasalari vakillari hamda 80 nafar faol yosh ishtirok etdi.


Uchrashuv davomida yoshlarning fikr-mulohazalari, tashabbus va takliflarini tinglashga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 18 nafar yosh tomonidan prokuratura organlarida “Ochiq eshiklar kuni”ni tashkil etish, ijtimoiy fanlar bo‘yicha “Prokuror kubogi” musobaqalarini yo‘lga qo‘yish, ID-karta rasmiylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatish, maktab o‘quvchilari o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida ota-onalar bilan profilaktik uchrashuvlar tashkil etish kabi muhim taklif va murojaatlar bildirildi.

Yoshlar tomonidan ko‘tarilgan masalalarning aksariyati joyida muhokama qilinib, 10 nafar ishtirokchining murojaati ijobiy hal etildi. Shuningdek, 4 ta murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirish va tavsiyalar berildi, qolgan murojaatlarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga aniq vazifalar yuklatildi.

Tadbir davomida viloyat prokurori maktabda amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlari, zamonaviy ta’lim muhiti hamda “Face-ID” tizimining ishlash mexanizmi bilan yaqindan tanishdi. O‘quvchilar xavfsizligi va davomat nazoratini ta’minlashda raqamli texnologiyalarning ahamiyati xususida fikr almashildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri