Islom olami rivojida Termiziy allomalarning o‘rni
Termiz davlat universitetida “Termiziy allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi: o‘tmish va bugun” mavzuiga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning joriy yil 15 avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan anjumanda mamlakatimizning 60 dan ortiq taniqli diniy ulamosi, islomshunos va tarixchi olimlari, soha mutaxassislari oflayn hamda onlayn ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Termiz davlat universiteti, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligida tashkil etilgan konferensiyaning ochilishida keyingi yillarda mamlakatimizda buyuk allomalarimiz hayoti va ijodini ilmiy asosda atroflicha o‘rganib, targ‘ib qilish hamda ularning bebaho merosini yosh avlod ongu-shuuriga chuqur singdirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbuslari bilan tashkil etilgan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham ana shunday ulug‘vor maqsadlarga xizmat qilayotgani qayd etildi.
[gallery-19245]
Ayni paytda markaz xodimlari hadisshunoslik maktabining ilmiy-ma’naviy asoslarini Imom Termiziy va boshqa termiziy allomalar, yurtimizdan yetishib chiqqan mutafakkir zotlar merosini har tomonlama chuqur o‘rganib, dunyoga keng targ‘ib qilmoqda. Yuksak insoniy g‘oyalar va muqaddas qadriyatlarimizni o‘zida ifoda etgan manbalarni tizimli asosda tadqiq etib, ulardan diniy ta’lim, ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarida foydalanish uchun zarur darslik va o‘quv qo‘llanmalari, ommabop nashrlar, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlash yuzasidan tizimli ishlarni olib bormoqda. Jumladan, 2017-2023 yillarda yuzga yaqin Termiziy allomalar va movarounnahrlik boshqa mutafakkirlar ilmiy merosining izohli tarjima asarlari nashr qilindi. Turkiyada saqlanayotgan yuzdan ortiq termiziy olimlarning qo‘lyozma asarlari katalogi tayyorlandi. Mingdan ziyod termiziy olimlarning qo‘lyozma asarlarini o‘z ichiga olgan “Termizlik olimlar asarlarining jahon fondlaridagi qo‘lyozmalari katalogi” chop etildi. Termiziylar hayoti va merosiga oid asarlarning elektron shakli dunyoning turli kutubxonalaridan olib kelinib, “Termiziylar merosi” elektron bazasi shakllantirildi.
Qo‘lyozmalar fondida ulug‘ ajdodlarimiz merosiga oid qo‘lyozma va toshbosma asarlar, qo‘lyozma asarlarning elektron nusxalari va davriy nashrdagi kitoblar jamlandi. Rossiya, Marokash, AQSH, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni, Markaziy Osiyo davlatlari, Turkiya, Hindiston kabi mamlakat olimlari bilan ilmiy-amaliy hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.
Ilmiy-amaliy konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davron Maqsudov ishtirokchilarni onlayn, Termiz davlat universiteti rektori Abduqodir Toshqulov, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Muzaffarxon Joniyev va boshqalar oflayn tabrikladi. Buyuk muhaddis Imom Termiziy va boshqa termiziy allomalar asarlarining mazmun-mohiyati, bugungi yosh avlod kamolotidagi o‘rni xususida fikr yuritdi. Mazkur anjuman ham termiziy allomalar merosini yanada keng o‘rganishda yangi bosqichni boshlab berishiga omad tiladi.
Konferensiyada Termiz davlat universiteti dotsenti, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Jaloliddin Mirzayev, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Zohidjon Islomov, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Islom dini merosini saqlash bo‘limi boshlig‘i Mirzo Kenjabek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shukurillo Umarov, “Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi direktori Kamol Islamov va boshqa yetuk olimlar, ilmiy tadqiqotchilar “Termiziy allomalar ilmiy merosi dunyo fondlarida”, “Imom Termiziyning “Sunani Termiziy” asarida Imom Buxoriyning fikr-qarashlari va xulosalaridan istifoda etilishi”, “Termiziy allomalar merosini o‘rganish borasidagi izchil islohotlar: natijalar va istiqbol”, “Yangi O‘zbekistonda hadisshunoslik ilmining yangi bosqichi” kabi 15 ga yaqin mavzuda qiziqarli ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
– Mamlakatimizda ulug‘ muhaddis, buyuk alloma Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanishi o‘tmishda islom olami rivojiga ulkan hissa qo‘shgan termizlik benazir allomalarga ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtiromning amaldagi yana bir ifodasi bo‘ldi, – deydi “Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi direktori Kamol Islamov. – Islom olami hadisshunosligida Imom Buxoriydan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi hadis ilmining buyuk asoschilaridan biri Imom Termiziy o‘ndan ortiq nodir asari bilan islom madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shib, dunyoga tanilgan. Ul zotning asarlarini asrlar davomida islomshunoslar katta qiziqish bilan o‘rganib, tahlil qilmoqda. Ushbu anjumanda ham Imom Termiziy va termiziy ulug‘ allomalar hayoti va ijodi xususida atroflicha fikr almashilgani juda ahamiyatli bo‘ldi.
Ilmiy-amaliy anjumanda termiziy allomalar ilmiy-ma’naviy merosining hozirgi davrdagi o‘rni hamda ahamiyati haqida chuqur mulohaza yuritilib, asarlarini keng targ‘ib qilish, kitobxonlar, ayniqsa, yoshlarning o‘qib-o‘rganishiga intilishini yanada oshirish yuzasidan ham taklif va tavsiyalar bildirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat) O‘zA muxbirlari