Ishbilarmon ayollar – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim tayanchi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Xatirchi tuman Kengashi, tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda tuman Fermerlar kengashi hamkorligida “Ishbilarmon ayol – 2026” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish, munosib ish o‘rinlari yaratish hamda biznes tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Natijada xotin-qizlar uchun imtiyozli moliyaviy ko‘mak, kasb-hunarga o‘qitish, zamonaviy tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish va oilaviy biznesni rivojlantirish borasida keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada kengaytirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda tadbirkor va fermer ayollarning tashabbuslarini munosib rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan tanlovga mahallalarda o‘tkazilgan saralash bosqichlarida eng yuqori natija ko‘rsatgan 22 nafar ishtirokchi o‘z biznes loyihalari, ishlab chiqarish faoliyati va erishgan natijalarini taqdim etdi.

Tadbir doirasida tadbirkor, fermer va hunarmand ayollar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Ko‘rgazmada milliy liboslar, hunarmandchilik buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlangan turli mahsulotlar namoyish qilindi.
Hakamlar hay’ati ishtirokchilar faoliyatini qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, eksportbop hamda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish, xizmatlar sifati va innovatsion g‘oyalarni amaliyotga joriy etish kabi muhim mezonlar asosida baholadi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘ringa “Guliston istiqboli – 2019” oilaviy korxonasi rahbari Charos Nurmanova, 2-o‘ringa yakka tartibdagi tadbirkor Bashorat Mamarajabova va 3-o‘ringa tadbirkor Yulduz Ismatova loyiq deb topildi.
– Bugungi kunda fermer xo‘jaligimizda 25 gektar maydonda uzumchilik, bog‘dorchilik, chorvachilik va parrandachilik yo‘lga qo‘yilgan, – deydi tanlov g‘olibi Charos Nurmanova. – Xo‘jalikda 20 nafardan ortiq doimiy hamda 50 nafardan ziyod mavsumiy ishchi mehnat qilmoqda. Shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik natijasida uzum mayizi va yong‘oq mahsulotlari eksport qilinib, mahalliy mahsulotlarning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligi ortib bormoqda. Kelgusida asalarichilik va baliqchilik yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.

G‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri