Ish izlaganlar uchun 500 dan ortiq imkoniyat
Sardoba tuman hokimligi tashabbusi bilan «Sardoba Universal Cluster» korxonasida tashkil etilgan yarmarkada tumanning 14 ta mahallasidan 200 nafardan ortiq ish izlovchi ishtirok etdi. Ular korxona va tashkilotlardagi bo‘sh ish o‘rinlari, mehnat sharoitlari hamda ish haqi miqdori bilan tanishishdi.

Yarmarkaning o‘ziga xos jihati shundaki, ish izlovchilar bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot olish bilan cheklanmadi. Nomzodlar ish beruvchilar bilan suhbatlashib, o‘zlariga mos lavozimlar bo‘yicha takliflarni o‘rgandi. Ayrim hollarda suhbatning o‘zida ishga qabul qilish va mehnat shartnomasini rasmiylashtirish masalalari hal etildi.

Ishtirokchilarga turli sohalardagi bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi. Ish beruvchilar esa zarur mutaxassislarga qo‘yiladigan talablar, ish jarayoni va mehnat sharoitlari haqida ma’lumot berdi.


Bunday yarmarkalarda ish beruvchi va ish izlovchining bir maydonda uchrashishi har ikki tomon uchun ham qulay. Fuqaro o‘z malakasi va qiziqishiga mos ish o‘rnini tanlasa, korxona va tashkilotlar bo‘sh lavozimlarga munosib nomzodlar bilan bevosita tanishadi.


— Mehnat yarmarkasida o‘zimga mos ish topganimdan xursandman. Yaqingacha xorijda, farzandlarimdan uzoqda mehnat qilib kelayotgandim. Endi esa ishlash uchun xorijga borishga hojat qolmadi. Nasib qilsa, «Sardoba Universal Cluster»da mehnat faoliyatimni boshlayman. Bu yerda oilamga yaqin bo‘lib, o‘z yurtimda ishlash imkoniyatiga ega bo‘layotganim men uchun katta quvonch. Muhimi, bunday mehnat yarmarkalari men kabi ish izlayotgan, mehnat qilish istagida bo‘lgan yoshlar uchun juda qulay. Bu yerda bir vaqtning o‘zida bir nechta korxona va tashkilotdagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishib, o‘zimizga mos ishni tanlash imkoniyati bor. Ish beruvchilar bilan bevosita suhbatlashib, ish sharoiti va talablar haqida ma’lumot olish ham ancha oson, — deydi Do‘stlik mahallasidan mehnat yarmarkasida ishtirok etgan Murod Quvvatov.

Sardoba tumanida tashkil etilgan mazkur mehnat yarmarkasi aholi bandligini ta’minlash, ish izlayotgan fuqarolarni doimiy daromad manbaiga yo‘naltirish hamda ish beruvchilar ehtiyojini qondirishga qaratilgan amaliy muloqot maydoni bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri