Imkoniyatdan natija sari
Bir ayol kasb o‘rgansa — bir oilada yangi daromad manbai paydo bo‘ladi. Bir ayol tadbirkorlikni boshlasa — uning ortidan yana bir nechta ish o‘rni yaratilishi mumkin. Eng muhimi, ayol o‘z imkoniyatiga ishonsa, uning tashabbusi oilasi, mahallasi va jamiyat hayotida ham o‘z aksini topadi.
Guliston shahrida xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar ana shu maqsad — imkoniyatni aniq natijaga aylantirishga yo‘naltirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 7-mart kuni Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda: Ayollari o‘qimishli va kasb-hunarli bo‘lgan yurtda tinchlik va taraqqiyot bo‘ladi. Ayollari ma’rifatli bo‘lgan xalq albatta baxtli bo‘ladi, — deya ta’kidlagan edi.
Bu fikr zamiridagi asosiy maqsad — xotin-qizlarning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularga kasb egallashi, mehnat qilishi va o‘z daromadiga ega bo‘lishi uchun sharoit yaratishdir.
Guliston shahrida bu boradagi ishlar aniq natijaga yo‘naltirilmoqda. Joriy davrda 1328 nafar xotin-qiz kasb-hunarga o‘qitildi. Ularning 1315 nafari kasbiy ta’lim tizimida, 13 nafari Bojxona institutida ta’lim oldi. Shuningdek, 189 nafar xotin-qiz tadbirkorlik yo‘nalishida bilim va ko‘nikmalarini oshirdi, 143 nafari nodavlat notijorat tashkilotlari orqali kasb-hunarga o‘rgatildi.

Guliston shahar hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Aziza Payziyevaning ta’kidlashicha, bu jarayonda asosiy e’tibor xotin-qizlarni shunchaki o‘qitishga emas, balki ularning olgan bilimini amaliyotga tatbiq etishi va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishiga qaratilmoqda.
— Xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, zarur hollarda ularni kasb-hunarga o‘qitish bugungi kunning muhim vazifalaridan. Shu bois xotin-qizlarning har bir murojaati, har bir tashabbusini e’tibordan chetda qoldirmaslikka harakat qilyapmiz.
Oldimizda maqsad va vazifalar ko‘p. Xotin-qizlarning muammolarini hal etish, ularni kasbga yo‘naltirish va bandligini ta’minlash bilan bir qatorda, oilalarda tinchlik va xotirjamlikni saqlash, ajrimlarning oldini olish, oila qo‘rg‘onini asrash borasidagi ishlar ham izchil davom ettirilmoqda, — deydi Aziza Payziyeva.
Bu yondashuv raqamlarda ham namoyon bo‘lmoqda. Xususan, 137 nafar xotin-qiz tajribali tadbirkor-liderlarga biriktirilib, ularning daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashildi.
Xotin-qizlar bandligini mahallaning o‘zida ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shaharda «Xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash» markazlari tashkil etildi. Do‘stlik va Ibratli mahallalarida tikuvchilik hamda qandolatchilik markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu markazlarda 20 nafardan ortiq xotin-qizning bandligi ta’minlanib, 74 nafar ayol kasb-hunarga o‘qitildi.
Tadbirkorlikka qiziqish bildirgan xotin-qizlarga biznes g‘oyasini shakllantirish, faoliyatini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish, moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Ayniqsa, oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik, tikuvchilik, qandolatchilik va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlaridagi tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Bu borada «Eng yaxshi ijtimoiy loyiha» tanlovi ham muhim maydon bo‘ldi. Tanlovga 76 ta ariza kelib tushib, 11 nafar g‘olib aniqlandi. Ularning 8 nafari xotin-qizlar bo‘lib, faoliyatini yo‘lga qo‘yish va kengaytirish uchun asbob-uskunalar hamda xomashyo xarid qilishga mablag‘ ajratildi.

Amalga oshirilgan ishlar ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni ham qamrab olmoqda. Jumladan, Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan 24 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi.
Bugun bu raqamlarning har biri ortida o‘zgargan bir taqdir bor. Kimdir kasb egalladi, kimdir ishli bo‘ldi, yana kimdir tadbirkorlikka qadam qo‘ydi. Muhimi, xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan ko‘mak bir martalik yordam bilan cheklanib qolmayapti.
Ayolga kasb o‘rgatish — uning qo‘liga imkoniyat berish. Uni ish bilan ta’minlash — shu imkoniyatni daromadga aylantirish. Tadbirkorlikka ko‘maklashish esa yangi tashabbus va yangi ish o‘rinlariga yo‘l ochishdir.
Shu ma’noda, Guliston shahrida xotin-qizlar bilan ishlashda asosiy e’tibor «qancha nafar o‘qitildi?» degan savoldan ko‘ra, «qancha nafar ayol kasbi orqali o‘z daromadiga ega bo‘ldi?» degan natijaga qaratilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, imkoniyatning haqiqiy qiymati uning natijasida namoyon bo‘ladi. Xotin-qizning kasbi, mehnati va tashabbusi esa nafaqat uning, balki oilasi va mahallasi farovonligiga sabab bo‘ladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri