Oqoltinda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari o‘rganildi
Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida 2026–2027-yillar kuz-qish davrida irrigatsiya-melioratsiya ob’ektlarida amalga oshirilayotgan ishlar, suv xo‘jaligi inshootlarining texnik holati hamda suvni hisobga olish tizimi o‘rganildi.
O‘rganishlar doirasida Tuman suv yetkazib berish davlat muassasasi xodimlari ishtirokida Suv kodeksi va uning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘quv seminari o‘tkazildi. Unda suv resurslaridan foydalanish bilan bog‘liq qonunchilik talablari, suvni hisobga olish va suv yetkazib berish jarayonlarini tartibga solish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyuldagi «Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida baliqchilik xo‘jaliklari bilan suv yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarni shakllantirish vazifalari belgilandi.
Davlat muassasasi balansidagi suv o‘lchash qurilmalarini, jumladan, vertushkalarni tarirovkadan o‘tkazish masalasida ISMITI bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari yuzasidan tushuntirishlar taqdim etildi.
Gidrometrlarda suv sarfini real vaqt rejimida o‘lchash imkonini beruvchi suv o‘lchash qurilmalarining turlari, ularni o‘rnatish va foydalanish tartibi bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar taqdim etildi.
Kunning ikkinchi yarmida Oqoltin tumanida 2026–2027-yillar kuz-qish davri uchun tasdiqlangan reja asosida irrigatsiya-melioratsiya ob’ektlarida amalga oshirilayotgan ishlar joyiga chiqqan holda o‘rganildi.

Tumanda mazkur davrda 4 kilometr irrigatsiya tarmoqlari va magistral kanallarni tozalash, 17 ta gidrotexnika inshooti hamda 25 ta gidropostni ta’mirlash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, klaster va fermer xo‘jaliklarining 50 kilometr ichki sug‘orish tarmoqlarini mexanizmlar yordamida, 210 kilometr tarmoqni qo‘l kuchi bilan tozalash, 45 ta xo‘jalik ichki sug‘orish tarmog‘idagi gidrotexnika inshootlarini ta’mirlash hamda suv olish quloqlarini jihozlash belgilangan.
Ayni paytda mazkur ishlar tasdiqlangan reja asosida amalga oshirilmoqda.
O‘rganishlar davomida Markaziy O‘ng tarmoq kanalining Bobur hududidan oqib o‘tuvchi qismida qurilayotgan yangi PV-26 kanalidagi ishlar ko‘zdan kechirildi. Bunda bajarilayotgan ishlar loyiha ko‘rsatkichlariga muvofiqligi va kanalning loyihaviy parametrlari vizual ravishda o‘rganildi.
Quruvchi tashkilot vakillari bilan ishlarni belgilangan talablar asosida sifatli bajarish masalasi muhokama qilinib, ob’ektdagi qurilish jarayonini loyiha hujjatlariga muvofiq tashkil etish yuzasidan zarur tavsiyalar bildirildi.
Shuningdek, tumandagi «Istiqlol» nasos stansiyasining texnik holati va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik darajasi o‘rganildi. Nasos stansiyasining avankamerasini o‘t va loyqadan tozalash, hududni obodonlashtirish hamda yordamchi xo‘jalikni tashkil etish bo‘yicha zarur choralar belgilandi. Avankamerani loyqadan tozalash va suv sathini belgilangan talablar darajasiga keltirish yuzasidan ilmiy asoslangan yondashuvlar taqdim etildi.

PR-3-9 kanalining S. Siddiqov hududidan oqib o‘tuvchi qismida kanalning texnik holati hamda unga o‘rnatilgan «Aqlli suv o‘lchash qurilmalari»ning ishlash holati o‘rganildi.
O‘rganish natijasida kanalning umumiy texnik holati qoniqarli ekanligi, ayrim qismlarini loyqa va o‘tlardan tozalash zarurligi aniqlandi. Shuningdek, kanalga o‘rnatilgan «Aqlli suv o‘lchash qurilmalari» qarovsiz qolgani va ayni vaqtda ishchi holatda emasligi ma’lum bo‘ldi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan kanalning loyqa va o‘t bosgan qismlarini tozalash hamda suv o‘lchash qurilmalarini ishchi holatga keltirish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Qolaversa, kanaldan suv oluvchi nuqtalarda suv sarfini aniq hisobga olish imkonini beruvchi maqbul turdagi suv o‘lchash vositalarini o‘rnatish masalasi ko‘rib chiqildi. Qurilmalarning maqbul turini tanlash, uni texnik jihatdan asoslash va o‘rnatish ishlarini ISMITI bilan hamkorlikda amalga oshirish bo‘yicha kelishib olindi.
O‘rganish yakunida irrigatsiya-melioratsiya ob’ektlarida tasdiqlangan reja asosidagi ishlarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda suv o‘lchash qurilmalarining ishchi holatini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar belgilandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri