Iroda, matonat va g‘alabaga intilish maydonida
Qashqadaryo viloyatida nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida adaptiv sport turlari bo‘yicha “Besh tashabbus paralimpiadasi”ning viloyat bosqichi yuqori saviyada tashkil etilib, o‘z nihoyasiga yetdi.
Musobaqaning ochilish marosimida Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi mutasaddilari, viloyat sport boshqarmasi mas’ullari, Milliy olimpiya qo‘mitasi viloyat bo‘limi hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.


Mazkur musobaqalar nogironligi bo‘lgan fuqarolarni sportga keng jalb qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda adaptiv sport turlarini yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.


Ta’kidlash joizki, sport insonni nafaqat jismonan chiniqtiradi, balki uning irodasi, ishonchi va hayotga bo‘lgan intilishini ham mustahkamlaydi. Ayniqsa, imkoniyati cheklangan insonlar uchun sport o‘z salohiyatini namoyon etish, jamiyat hayotida faol ishtirok etish hamda yangi yutuqlar sari intilishda muhim maydon vazifasini o‘taydi.


Musobaqa davomida ishtirokchilar para yengil atletika, para stol tennisi, badminton, armrestling, shaxmat hamda adaptiv sportning o‘ndan ortiq yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarda ishtirokchilarning g‘alabaga bo‘lgan intilishi, kuchli irodasi hamda yuksak tayyorgarligi namoyon bo‘ldi.

Bellashuvlar yakunida g‘oliblar va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
E’tiborlisi, musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 26 nafar ishtirokchi Respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Bunday musobaqalar jamiyatda inklyuziv muhitni mustahkamlash, inson qadrini yuksaltirish va har bir fuqaroning imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri