Gimnastikachilarimiz Osiyoda tengsiz
Qirg‘izistonning Bishkek shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha Osiyo chempionati davom etmoqda. Qit’a birinchiligining final bahslari O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli kechdi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, hamyurtimiz Taxmina Ikromova yakkalik dasturining ko‘pkurash mashqlarida barcha raqibalarini ortda qoldirib, Osiyo chempioniga aylandi. Shuningdek, Mumtozabonu Ishoqzoda, Evelina Atalyans, Amaliya Mamedova, Yasmina Mkrticheva, Tamila Ziganshina va Yuliya Valevatayadan iborat jamoamiz guruh ko‘pkurash mashqlarida oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Yana bir vakilamiz Natalya Usova esa yakkalik ko‘pkurash dasturida bronza medalini qo‘lga kiritib, terma jamoamiz medallari sonini yanada oshirdi.


Shuningdek, chempionatda Sabina Kagirova to‘p bilan mashq bahslarida oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Alisiya Galati, Farida Abdulova, Kamilla Astanova, Ornella Bikmayeva, Safiya Po‘latova va Zamira Xvalchevadan tashkil topgan jamoamiz 5 ta to‘p bilan guruh mashqlarida shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA