Iqlim o‘zgarishi va favqulodda vaziyatlarga tayyor ijtimoiy himoya tizimi shakllantirilmoqda
Xabar berganimizdek, joriy yilning 7-9-iyul kunlari Toshkent shahrida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan adaptiv ijtimoiy himoya hamda iqlim o‘zgarishiga moslashishning asosiy tamoyillari bo‘yicha trenerlarni tayyorlash (ToT) dasturi o‘tkazildi.
Bugun mazkur o‘quv dasturining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tashabbus mamlakatda ijtimoiy himoya tizimining samaradorligini yanada oshirish, uni iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofatlar va boshqa favqulodda vaziyatlarga moslashtirish, shuningdek, aholiga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlarning barqarorligi va uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan.
Treningda Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi hamda tumanlardagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlaridan ikki nafardan mutaxassis ishtirok etdi. Ular kelgusida hududlardagi ijtimoiy soha xodimlari uchun o‘quv seminarlarini tashkil etadigan mahalliy trenerlar sifatida faoliyat yuritadi.
[gallery-30324]
O‘quv jarayoni kattalar ta’limi tamoyillari asosida interaktiv mashg‘ulotlar va yakka tartibdagi kouching usullari orqali tashkil etildi. Dastur doirasida ishtirokchilar iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar bilan bog‘liq xavf-xatarlarni baholash, favqulodda vaziyatlarga tezkor munosabat bildirish, erta ogohlantirish mexanizmlaridan samarali foydalanish, davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirish, shuningdek, treninglarni rejalashtirish va guruh dinamikasini boshqarish bo‘yicha nazariy hamda amaliy ko‘nikmalarni mustahkamladi.
Loyihaning keyingi bosqichida mazkur trenerlar iyul-avgust oylarida respublika bo‘ylab hududiy o‘quv seminarlarini o‘tkazadi. Bu orqali 850 nafarga yaqin mutaxassis qamrab olinadi. Ular safidan Ijtimoiy himoya milliy agentligining markaziy apparati va hududiy boshqarmalari xodimlari, vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari mutaxassislari o‘rin oladi.
Mazkur dastur ijtimoiy himoya tizimining turli inqirozli vaziyatlarga tayyorligini mustahkamlash, aholi ehtiyojlarini oldindan baholash imkoniyatlarini kengaytirish va idoralararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Shu tariqa, adaptiv ijtimoiy himoya tamoyillarini amaliyotga keng joriy etish orqali mamlakatimizda zamonaviy, barqaror va aholi ehtiyojlariga tezkor javob bera oladigan ijtimoiy himoya tizimini shakllantirish yo‘lida yana bir muhim qadam qo‘yildi.
Shahnoza Mamaturopova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA