Iqlim forumida nufuzli mehmonlar bilan muloqot
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Iqlim va suv resurslarini boshqarishda mintaqa yoshlarining o‘rni” mavzusidagi BMT Iqlim bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy yoshlar konferensiyasi — “RCOY Central Asia 2026”ning ikkinchi kun tadbirlari doirasida nufuzli mehmonlar bilan yoshlar muloqoti tashkil etildi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva, BMT Bosh kotibining yoshlar masalalari bo‘yicha birinchi yordamchisi – BMT Yoshlar idorasi rahbari Felipe Pauler, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova hamda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ishtirok etib, yoshlar bilan fikr almashdi.



Nufuzli mehmonlar bugungi kunda dunyo miqyosida yoshlar masalalariga qaratilayotgan e’tibor, ayrim mintaqalarda yuzaga kelayotgan muammolar va bunday sharoitda yoshlarning faolligi hamda tashabbuskorligi har qachongidan-da muhim ekanini ta’kidladi. Xususan, iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga kelayotgan xavf-xatarlar yechimida yoshlarning fikri ahamiyatli ekani qayd etildi. Shuningdek, muloqot davomida shu kunlarda Samarqandda o‘tkazilayotgan Parlamentlararo ittifoqqa a’zo yosh parlamentariylarning XII global konferensiyasi va unda muhokama qilinayotgan masalalarga ham e’tibor qaratildi.

Tadbir doirasida mintaqaviy yoshlar bayonoti taqdim etildi.
Konferensiyaning bugungi yig‘ilishlarida iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, cho‘llanish, muzliklarning erishi, yashil innovatsiyalar va barqaror rivojlanish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, yoshlarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va suv resurslaridan oqilona foydalanish borasidagi amaliy tashabbus hamda yechimlari ko‘rib chiqildi.
Eslatib o‘tamiz, konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi hamda UNICEF hamkorligida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiyadan 100 nafardan ortiq yoshlar, ekspertlar, xalqaro tashkilotlar va davlat idoralari vakillari qatnashmoqda.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri