Inson qadrini yuksaltirişga qaratilgan milliy dastur amalga oşiriladi
Özbekistonda 2027-yildan boşlab aholi farovonligi, taʼlim, tibbiyot va iqtisodiyotni tubdan özgartiruvçi 7 ta strategik milliy dastur amalga oşiriladi.
Mamlakatimizda aholi farovonligini oşiriş, taʼlim, tibbiyot va iqtisodiyotni yangi bosqiçga olib çiqiş, tabiiy resurslarni asraş hamda qonun ustuvorligini mustahkamlaş maqsadida Özbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-noyabrda «Inson qadrini yuksaltirişga qaratilgan milliy dasturlarni amalga oşiriş çora-tadbirlari töğrisida»gi farmoni qabul qilindi. Mazkur tarixiy hujjat bilan 2027–2031-yillarga möljallangan yettita strategik milliy dastur va ularning asosiy maqsadli körsatkiçlari tasdiqlandi.
Dasturning birinçi ustuvor yönalişi bilim va malakani taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirişga qaratilgan. Unga köra, 2027-yildan boşlab 6 yoşli bolalar bir yillik majburiy maktabga tayyorlov guruhlari bilan 100 foiz qamrab olinadi, 2030-yilgaça esa barça umumtaʼlim maktablariga PISA kabi xalqaro baholaş dasturlari tatbiq etiladi. Şuningdek, texnikumlarda xalqaro taʼlim standartlari joriy etilib, 2031-yilga qadar 1 million nafar yoş yuqori daromadli kasblarga öqitiladi, 10 million nafar yoş esa raqamli industriya va kelajak kasblariga jalb qilinadi.
Oliy taʼlim sohasida kamida 10 ta mahalliy oliygohni dunyoning nufuzli xalqaro reytinglarining top-1000 talik röyxatiga kiritiş hamda özbek tilining raqamli muhitda, xususan, sunʼiy intellekt modellaridagi mavqeini mustahkamlaş vazifasi belgilandi.
Aholining soğlom va uzoq umr körişini taʼminlaş doirasida soğliqni saqlaş tizimiga yönaltiriladigan davlat xarajatlari uluşi 2031-yilga borib yalpi içki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkaziladi. Tibbiyotda profilaktikaga asoslangan modelga ötilib, 2031-yilgaça respublikadagi barça xonadonlar davlat tibbiy suğurtasi tizimi bilan töliq qamrab olinadi.
Bemorlar uçun reimbursatsiya dasturi asosida bepul beriladigan dori vositalari turi 28 tadan 69 tagaça oşiriladi, ixtisoslaştirilgan tibbiy yordam sohasida esa dunyoning kamida 5 ta nufuzli klinikasi mamlakatimizga jalb qilinadi.
Yuqori texnologiya va mehnat unumdorligiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantiriş dasturi orqali 2030-yilgaça mamlakat yalpi içki mahsuloti hajmini 300 milliard AQŞ dollariga, aholi jon boşiga YAIMni esa 10 ming dollardan oşiriş maqsad qilingan. Kelgusi ön yilda iqtisodiyotga 450 milliard AQŞ dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb etilib, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli iş örni yaratiladi.
Startaplar, vençur kapitali va sunʼiy intellektni rivojlantiriş ustuvor yönalişga aylanib, har yili 500 ta kiçik va 100 ta örta korxonani yiriklaştiriş böyiça maxsus ekotizim işga tuşiriladi.
Suv resurslari va tabiatga munosabatni tubdan özgartiriş yönalişida 2030-yilga borib suğoriladigan ekin maydonlarida suv tejovçi texnologiyalar qamrovi 100 foizga yetkaziladi. «Yaşil makon» umummilliy loyihasi yangi bosqiçga olib çiqilib, tuman va şahar markazlarida yaşillik darajasi kamida 30 foizga yetkaziladi, davlat taʼlim va tibbiyot muassasalari hududidagi boğlar hamda yaşil maydonlarni xususiylaştiriş qonun bilan taqiqlanadi.
Sud mustaqilligini kuçaytiriş va qonun ustuvorligini taʼminlaş maqsadida umumtaʼlim maktablarining 1–11-sinflarida huquqiy savodxonlik dasturi tizimli yölga qöyiladi. Jinoyat işlarini yuritişda fuqarolar va tadbirkorlarning xususiy mulk daxlsizligi qatʼiy kafolatlanib, kiberjinoyatçilikka qarşi 24/7 rejimida işlovçi tezkor markaz taşkil etiladi.
Yaşirin iqtisodiyotga qarşi kuraşiş uçun yagona onlayn platforma yaratilib, «Şaffof quriliş» tizimi soliq organlari bilan integratsiya qilinadi. Şuningdek, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qiliş, aliment miqdorini yaşaş xarajatlariga muvofiq adolatli belgilaş mexanizmlari kuçaytiriladi.
Farmon bilan mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmaçisiga aylantiriş böyiça mutlaqo yangi tizim joriy etilmoqda. Endilikda davlat dasturlari, tuman va şahar byudjetlari hamda infratuzilma loyihalari bevosita mahallalarning talab va buyurtmalari asosida şakllantiriladi va ular yuzasidan 30 kunlik muddatda asoslantirilgan qaror qabul qiliş tartibi örnatiladi.
Yettinçi yönaliş doirasida esa Özbekistonning tinçlik, döstlik va bağrikenglik diyori sifatidagi nufuzini yuksaltiriş, millatlararo totuvlikni mustahkamlaş, pragmatik taşqi siyosat va iqtisodiy diplomatiyani faol davom ettiriş, 2027–2030-yillarda Qöşilmaslik harakatiga raislik doirasida muhim xalqaro taşabbuslarni ilgari suriş hamda Afğoniston böyiça konstruktiv siyosatni izçil olib boriş belgilandi.
Milliy dasturlar ijrosi ustidan Oliy Majlis palatalari va mahalliy Kengaşlar tomonidan parlament va deputatlik nazorati örnatiladi. «Taraqqiyot strategiyasi» markazi hamda «Yuksaliş» harakati esa jamoatçilik fikrini inobatga olgan holda joylardagi işlarni tanqidiy örganib boradi. Uşbu keng kölamli islohotlar inson qadrini amalda uluğlaş va mamlakatimizning barqaror taraqqiyotini taʼminlaşga xizmat qiladi.
ÖzA