Inson huquqlari himoyasi yo‘lida
Mamlakatimizda keyingi yillarda sud-huquq islohotlari ilg‘or jahon andozalari asosida amalga oshirilmoqda. Maqsad fuqarolarning haq-huquqi hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish. Qayd etish kerakki, mazkur vazifalarni amalga oshirish uchun, avvalo, yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini zamonaviy talablarga mos ravishda takomillashtirish zarur.
Shu ma’noda, Prezidentimiz tomonidan 2025-yil 21-avgustda imzolangan “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish choratadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon sohadagi islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi.
Mazkur Farmon sudyalar malakasini oshirish, ilg‘or xalqaro tajribani joriy qilish va sud tizimini zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlash uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish – nafaqat huquqiy masala, balki ijtimoiy adolatni ta’minlashga ham xizmat qiluvchi muhim vazifadir. Bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar sud organlarining mustaqilligi va professionalligini kuchaytiradi, xalq ishonchini yanada mustahkamlaydi va qonun ustuvorligini ta’minlashga katta hissa qo‘shadi.
Jahonning rivojlangan davlatlarida sudyalar tayyorlash jarayonida talabalarni amaliy keyslar va muammoli vaziyatlar orqali o‘qitish va doimiy malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekistonda ham ayni tajribani qo‘llash sud tizimining sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Shu ma’noda, Sudyalar oliy kengashi huzurida tashkil etilgan Odil sudlov akademiyasi mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash, adolatni mustahkamlash va sud kadrlari sifatiga bo‘lgan talablarni oshirishga qaratilgan. Bu yangilangan muassasada sudyalikka nomzodlarni tayyorlashda ilg‘or uslublar va zamonaviy texnologiyalarga tayaniladi.
Akademiyaning asosiy vazifalariga sudyalar korpusini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash, nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirish, raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘quv jarayoniga tatbiq etish kabi vazifalar kiradi. Shuningdek, nomzodlarning shaxsiy sifatlarini baholash tizimi joriy qilingan bo‘lib, ularning emotsional barqarorligi va stressga chidamliligi kabi ko‘rsatkichlar alohida e’tiborga olinadi.
Akademiyada ta’lim jarayoni “ustoz-shogird” an’anasi asosida tashkil qilinib, “bo‘lajak sudyani sudya o‘qitadi” tamoyili asosiy dastur bo‘ladi. Bo‘lajak sudyalar nazariy ta’lim bilan chegaralanib qolmasdan, tajribali sudyalardan kasb ko‘nikmasini olish, amaliyotda bevosita ishtirok etish va davlat granti asosida 6 oylik kasbiy qayta tayyorlash kursida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Kursga qabul qilingan shaxslar uchun ularning egallagan lavozimi saqlanib qoladi. O‘qish davrida sudya yordamchisining oylik ish haqiga teng stipendiya to‘lanadi.
Kursga qabul qilish tanlov asosida amalga oshiriladi. Kursni tamomlagan bitiruvchilar, yakuniy attestatsiya natijalariga ko‘ra, bo‘sh sudyalik lavozimlariga tanlovlarda ishtirok etadi.
Bu kurslar “nazariya-amaliyot-imitatsiya” tamoyili asosida tashkil qilinib, nazariy ta’lim huquqni muhofaza qilish organlari, advokatura va sud-ekspertiza muassasalaridagi amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtiriladi.
O‘qish dasturini o‘zlashtirmagan va yakuniy attestatsiya imtihonidan o‘tolmagan tinglovchilar, bo‘sh sudyalik lavozimiga 3 yilgacha muddatda ariza topshirmagan yoki taklif etilgan sudyalik lavozimini egallashni rad etgan bitiruvchilar olingan stipendiya summasini to‘liq miqdorda qoplab beradi.
Shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlari uchun malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslari tashkil qilinadi. Tayinlov muddati besh yil bo‘lgan sudyalar har ikki yilda – ikki haftalik, o‘n yil muddatga tayinlangan sudyalar esa, har uch yilda malaka oshirish kurslarida o‘qitiladi.
Oliy sud sudyalari va sud rahbarlari har uch yilda kamida bir haftalik kurslarda qatnashadi, samaradorlik ko‘rsatkichlari past bo‘lgan sudyalarni esa, navbatdan tashqari o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, sud apparati xodimlari – har ikki yilda bir haftadan kam bo‘lmagan muddatda malaka oshirish kurslarida o‘qitiladi.
Amaldagi sudyalar uchun murakkab toifadagi ishlar bo‘yicha malaka oshirish kurslari ham tashkil etiladi. Rahbarlik lavozimlariga, qoida tariqasida, faqat rahbar kadrlarni qayta tayyorlash kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan sudyalar tayinlanadi.
Akademiyada “Sud faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha bir yillik kunduzgi va kechki magistratura dasturi asosida o‘qitish tashkil qilinishi ilmiy daraja olish uchun tayanch doktorantura yoki mustaqil izlanuvchilik institutlariga kirish niyatida bo‘lgan, biroq magistraturada ta’lim olmagan amaldagi sudyalar va sud apparati xodimlari uchun keng imkoniyat yaratadi. Shu bilan birga, sudyalar va sud apparati xodimlari Akademiyada magistratura dasturi asosida tahsil olib, kelgusida sudlar faoliyatiga doir ilmiy tadqiqotlar va izlanishlar olib borish imkoniyatiga ham ega.
Sud islohotlarining yangi bosqichini boshlab bergan ushbu hujjat jamiyatda adolat tamoyillarining mustahkam o‘rnatilishiga, sud tizimiga bo‘lgan ishonchning yanada ortishiga va demokratik huquqiy davlat barpo etish jarayonlarining tezlashishiga xizmat qiladi.
Matchonboy MATCHANOV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining tergov sudyasi.