Imkoniyat xaritasida – Özbekiston va Iordaniya
Yaqin Şarq bilan hamkorlik – Özbekiston taşqi siyosatining muhim yönalişi. Bu borada Iordaniya bilan munosabat alohida eʼtiborga loyiq. Zero, ikki davlat şerikligida faqat siyosiy muloqot emas, balki iqtisodiy manfaat ham muştarak: Özbekiston Markaziy Osiyo bozorini taklif etsa, Iordaniya Yaqin Şarqqa çiqiş, farmatsevtika, kimyo sanoati va suv xöjaligi sohalaridagi tajribasi bilan qiziqtiradi.
Prezident Şavkat Mirziyoyevning 23-24-noyabr kunlari Iordaniyaga amalga oşiradigan taşrifi ana şu muştarak manfaatni yangi bosqiçga olib çiqiş uçun muhim siyosiy imkoniyatdir. Endi masala faqat diplomatiya aloqasini mustahkamlaş emas, balki yangi investitsiya, qöşma işlab çiqariş va savdo hajmi ösişida namoyon böladigan amaliy şeriklikni rivojlantirişda.
Xöş, Ammandagi oliy darajadagi muzokara qanday natija beradi? Ikki mamlakat hali töliq işga solinmagan iqtisodiy imkoniyatdan qanday foydalanadi? Markaziy Osiyo xalqaro instituti yetakçi ilmiy xodimi Baxtiyor Salomov bilan suhbat şu haqda.
– Iordaniya podşohining Özbekistonga davlat taşrifidan keyin özaro munosabatdagi faollik yaqqol kuzatilyapti. Prezident Şavkat Mirziyoyevning Ammanga taşrifi bu jarayonga qanday siyosiy va amaliy mazmun bağişlaydi?

– Taşrifni şakllangan siyosiy işonçni iqtisodiy hamkorlik bosqiçiga olib çiqiş imkoniyati sifatida baholaş mumkin. 2025-yil avgust oyida Abdulla II yurtimizga davlat taşrifi bilan kelganda 15 hujjat imzolanib, savdo, investitsiya, taʼlim, turizm yönalişlari qamrab olindi. 2026-yil aprel oyida Hukumatlar aro komissiya birinçi yiğilişi esa kelişuvlarni amaliy loyihalar bilan töldirişga qaratilgan muhim qadamdir. Işbilarmonlar kengaşi tuzilişi, vizasiz rejim va Toşkent – Amman havo qatnovi yölga qöyilişi munosabatning iqtisodiy va gumanitar asosini mustahkamladi. Şu nuqtai nazardan bölajak taşrifda ustuvor vazifalarni aniq belgilaş, sarmoyaviy loyihalar ilgari suriş va mavjud kelişuvlar ijrosini jadallaştirişga ustuvor ahamiyat beriladi.
– Özaro savdo ötgan yil 79 foiz ösgan. Qaysi sohalarda bugungi imkoniyatni ertangi aniq loyihalarga aylantiriş mumkin?
– Farmatsevtika, kimyo sanoati, oziq-ovqat işlab çiqariş va sanoat kooperatsiyasida imkoniyat keng. Masalan, “Dar Al-Dawa” farmatsevtika kompaniyasi bilan yurtimizda dori vositalari işlab çiqarişni mahalliylaştiriş va texnologiya jalb qiliş masalasi muhokama qilingan. Öz mahsulotini 40 dan ziyod mamlakatga eksport qilişi uşbu korxonaning tajribasi va bozor imkoniyatini namoyon etadi. Uşbu arab davlati kimyo sanoatida fosfat va kaliy tuzi zaxirasi muhim resurs hisoblanadi. Şuningdek, “UzBasalt” va NAMC örtasida bazalt tolasi işlab çiqariş imkoniyati örganilyapti. Bozorimizning özaro töldiruvçi xususiyati ham ahamiyatga ega. “Petra” agentligi maʼlumotiga köra, 2024-yil diyorimizga Iordaniyadan keladigan tovarlar uçun taxminan 2,28 milliard dollarlik bozor imkoniyati bor edi. Afsuski, amaldagi yetkazib beriş 741 000 dollar atrofida qolgan. Bu farq hali işga solinmagan yuksak salohiyatni körsatadi. Farmatsevtika, qayta işlangan oziq-ovqat, yelim va qadoq materiallari savdosi istiqbolli yönalişlar hisoblanadi. Buning uçun preferensial savdo kelişuvini ilgari suriş, logistika va sertifikatlaştiriş muammosini hal etiş zarur.
– Iordaniya suv tanqisligi şaroitida samarali yeçim işlab çiqqan davlatlardan biri. Uşbu tajriba, şuningdek Aqaba porti, qayta tiklanuvçi energetika va taʼlim sohasidagi imkoniyat Özbekiston uçun qanday ahamiyat kasb etadi?
– Ha, suv xöjaligi sohasida Iordaniya tajribasi diqqatga sazovor. Jahon banki maʼlumotiga köra, mamlakatda qayta tiklanadigan içki suv resursi aholi jon boşiga yiliga atigi 61 kub/metr. Şu bois tozalangan oqova suvidan qayta foydalaniş, zamonaviy suğoriş tizimi va gidroponika rivojlantirilgan. Özbekiston uçun bu usul suv tejovçi texnologiya, raqamli monitoring va qişloq xöjaligini suv tanqisligi şaroitiga moslaştirişda yaxşi foyda beradi. Transport sohasida Aqaba porti muhim imkoniyat makoni. Mahsulotimizni Yaqin Şarq va Şimoliy Afrika bozoriga yetkazişda uşbu majmua istiqbolli. Buning uçun qulay multimodal yönaliş va raqobatbardoş logistika şartini şakllantiriş kerak. Energetikada qayta tiklanuvçi manba, energiya saqlaş texnologiyasi va infratuzilmani raqamlaştiriş tajribasini almaşiş mumkin. Taʼlim sohasida esa 17-18-noyabr kunlari Toşkentda ötkazilgan universitetlar rektorlari birinçi forumi muhim maydon vazifasini ötadi. Ikki mamlakatning 35 oliy taʼlim muassasasi vakillari iştirok etgan anjumanda sunʼiy intellekt, energetika, suv resursi va tibbiyot sohalaridagi qöşma loyihalar muhokama qilindi. Demak, şeriklik istiqboli nafaqat savdo-investitsiya, balki texnologiya va bilim almaşinuviga ham boğliq.
– Özbekiston va Iordaniyaning Aqaba jarayoni doirasidagi muloqoti hamda madaniy-gumanitar aloqalari munosabatga qanday qöşimça imkoniyat beradi? Umuman, taşrifdan qanday natija kutilyapti?
– Aqaba jarayoni ikki davlat uçun mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik masalasida muloqotni çuqurlaştiriş maydoni hisoblanadi. 2015-yil Qirol Abdulla II taşabbusi bilan boşlangan uşbu format terrorizm, ekstremizm va transmilliy tahdidga qarşi hamkorlikni mustahkamlaşga qaratilgan. Şu yil 6-noyabr kuni Ostonada ötkazilgan tadbirda Özbekiston Prezidenti iştirok etişi bu borada yangi imkoniyatlar oçdi. Madaniy-gumanitar aloqada turizm, taʼlim va tarixiy merosni örganiş muhim. Samarqand, Buxoro va Xiva, Petra va Vadi-Ram kabi maskanlar umumiy salohiyatni birga tarğib qiliş uçun qulay. Bölajak taşrifning asosiy natijasi hamkorlikni aniq loyihalar bilan boyitişda namoyon böladi. Yangi sarmoya, qöşma işlab çiqariş, savdo hajmi ösişi va tadbirkorlar uçun qulay şaroit yaratilişi samaradorlikning asosiy mezonidir. Ikki davlat örtasida siyosiy işonç va özaro manfaat mavjud. Endi şu asosda Markaziy Osiyo va Yaqin Şarqni boğlaydigan barqaror iqtisodiy hamkorlikni şakllantiriş lozim.
Musulmon Ziyo suhbatlaşdi. ÖzA