Ilmiy tadqiqotlar takomillashmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan oliy ta’lim tizimida ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashni takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan oliy ta’lim tizimida ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashni takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi A.Shodmonov, O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari B.Usmonov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 24-iyuldagi «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, dissertatsiya tadqiqotlarining sifatini, ilmiy va amaliy ahamiyatini oshirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Ayni paytda ilmiy darajalar berish bo‘yicha amaldagi ixtisoslashgan kengashlar chuqur tahlil qilinib, fan yo‘nalishlari va ixtisosliklarning yangi ro‘yxatini hisobga olgan holda yetakchi oliy ta’lim dargohlari va ilmiy tadqiqot institutlari huzurida tegishli fan yo‘nalishlari bo‘yicha fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar tuzilgan. Bugungi kunda mamlakatimizdagi oliy ta’lim dargohlarida 925 nafar katta ilmiy xodim- izlanuvchi doktorlik dissertatsiyasi bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishini olib bormoqda.
Davlatimiz rahbarining 2015-yil 12-iyundagi «Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni tizim xodimlari salohiyatini oshirishga asos bo‘lmoqda. Unga muvofiq oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilarini zamonaviy talablar asosida muntazam qayta tayyorlashning takomillashtirilgan tizimi joriy etildi, bu boradagi malaka talablari, o‘quv rejalari, dastur va uslublar yangilandi.
Davra suhbati davomida vazirliklar va tashkilotlar tasarrufidagi oliy ta’lim maskanlarida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tartibini takomillashtirish, kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil etildi.