Ilm-fan yutuqlari ishlab chiqarishga
Mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlarini amaliyotga keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlarini amaliyotga keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori soha rivojida muhim dasturilamal bo‘layotir. Yurtimiz olim va tadqiqotchilarining amaliyotga tatbiq etilayotgan turli ishlanma va innovatsion g‘oyalari o‘zining amaliy samaralarini bermoqda.
Farg‘ona viloyati hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transferi markazi tomonidan mazkur yo‘nalishda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Markazda oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda fanning ustuvor yo‘nalishlarida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar natijasida 2012-2014-yillarda 2 ilmiy-amaliy va 6 ilmiy innovatsion loyiha amalga oshirildi. O‘tgan yili o‘tkazilgan yosh olimlarning fundamental va amaliy tadqiqotlar loyihalari tanlovida Farg‘ona politexnika institutining yosh olimalari Shohida Hamdamova va Elnura Mo‘minova kimyo va iqtisod fani yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi.
– Ilmiy izlanishlar va ixtirolar salmog‘i tobora ortib bormoqda, – deydi markaz direktori R.Qoraboyeva. – Agrar sohani rivojlantirish va takomillashtirishga qaratilgan 8 ilmiy innovatsion loyiha amalga oshirildi. Olimlarimiz tomonidan “Vodiy-30” g‘o‘za navi yaratildi. Viloyatda eng sara g‘o‘za navi urug‘chiligini tashkil etish, ilg‘or fermer xo‘jaliklariga meva-sabzavotni qayta ishlash texnologiyalarini o‘rnatib berish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Viloyatdagi bir necha fermer xo‘jaligi mini-traktorlar bilan ta’minlandi.
Mamlakatimiz sanoat korxonalarida qo‘llaniladigan tebranuvchi va sirg‘aluvchi podshipniklar texnologiyasini o‘zlashtirish, “Farg‘onaazot” ochiq aksiyadorlik jamiyati chiqindilaridan so‘ndirilmagan ohak ishlab chiqarish texnologiyasini joriy qilish bo‘yicha 2 innovatsion loyiha hayotga tatbiq etildi.
Ayni paytda nafaqat iqtisodiy sohada, balki ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishda ham innovatsion loyihalar amalga oshirilayotir. Mazkur loyihalar asosida “Zamonaviy barkamol shaxs tarbiyasida oqilona turmush tarzining innovatsion omillari”, “Yosh avlodni yuksak ma’naviyat ruhida tarbiyalashda innovatsion omillar”, “Ijtimoiy ekologiya muammolari” risolalari chop etildi. Yoshlarni innovatsion loyihalar yaratishga jalb etish, iqtidorli talabalar olib borayotgan ilmiy izlanishlarni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarining joriy etilishini rag‘batlantirishga qaratilgan amaliy seminarlar muntazam o‘tkazilmoqda.
Uchko‘prik tumanidagi “Mehrigiyo” korxonasi shifobaxsh giyohlar yetishtirish bo‘yicha katta tajribaga ega. Korxona mutaxassislari olimlar bilan hamkorlikda ikki yil davomida amarant dorivor o‘simligini yetishtirish bo‘yicha izlanish olib bordi. Natijada Farg‘ona vodiysi sharoitida ushbu o‘simlikni yetishtirishning takomillashtirilgan, ekologik toza agrotexnologiyasi yaratildi.
– Bu o‘simlikdan shifobaxsh damlamalar tayyorlash tajribasi keng ommalashgan, – deydi korxonaning shifobaxsh giyohlar yetishtirish bog‘i rahbari A.Sobirov. – Biz amarant o‘simligining choyi, asali va yog‘ini yetishtirishni ham yo‘lga qo‘ydik. Bu giyohning muhim xususiyati shundaki, undagi skvalen moddasi organizmda kislorod ta’minotini yaxshilaydi. Endilikda boshqa damlamalarga ham ma’lum miqdorda shu o‘simlikdan qo‘shib tayyorlamoqdamiz. Tabiatimizga begona bo‘lgan o‘simliklar – valeriana (tog‘ sumbuli), moychechak va rastoropsha (qush qo‘nmas) kabi dorivor giyohlarni mahalliy muhitga moslashtirib, hosil olishga erishdik.
Bu kabi ilmiy izlanishlar mamlakatimiz ishlab chiqarishini takomillashtirish, iqtisodiyotimizni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.