Ilm-fan rivoji milliy taraqqiyotning muhim asosi sanaladi
Tahlil va taklif
Globallashuv sharoitida jamiyat hayotining barcha sohalari – iqtisodiyot, sanoat, transport, energetika, tibbiyot va axborot texnologiyalari bevosita muhandislik yutuqlariga bog‘liq tarzda rivojlanmoqda. Shu bois muhandislik zamonaviy sivilizatsiyaning asosiy tayanchlaridan biridir. Har qanday davlatning iqtisodiy qudrati, texnologik mustaqilligi va ijtimoiy barqarorligi muhandislik kadrlarining ilmiy salohiyati bilan belgilanmoqda. Bu borada fizika fani muhandislik ta’limining fundamental asosi sifatida muhim o‘rin egallaydi. Chunki har qanday texnik tizim, qurilma yoki texnologik jarayon fizika qonunlariga asoslanadi.
Shu nuqtai nazardan, muhandislik ta’limini modernizatsiya qilish, fizika fanini innovatsion o‘qitish metodlari asosida tashkil etish bo‘yicha yurtimizda samamarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-mart kuni qabul qilingan "Fizika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ayni yo‘nalishdagi vazifalarning muhim asosi bo‘ldi.
Bugun zamonaviy muhandislik tizimlari sun’iy intellekt, Big Data, robototexnika, nanotexnologiya va yashil energetika kabi yuqori texnologiyali sohalar bilan uyg‘unlashib bormoqda. Dunyo bozorida malakali muhandislarga bo‘lgan talab ham keskin ortib bormoqda. Shu asnoda esa ko‘plab mamlakatlarda muhandis kadrlar yetishmovchiligi kuzatilmoqda.
Xo‘sh, buning asosiy sabablari nimalardan iborat, degan savol tug‘ilishi mumkin. Bunga javob esa ta’lim jarayonining nazariyaga haddan tashqari yo‘naltirilganligi, laboratoriya bazasining yetarli emasligi va amaliy ko‘nikmalarning sust shakllanishi bo‘ladi. Innovatsion fikrlash yetarli rivojlanmasa ham, shunga olib keladi.
Buni anglagan holda rivojlangan davlatlar muhim choralarni amalga oshirishga kirishgan. Masalan, Yaponiya o‘zining yuqori darajada rivojlangan robototexnika va avtomatlashtirish tizimlari orqali sanoat ishlab chiqarishida samaradorlikka erishgan. Germaniya esa mashinasozlik va sanoat muhandisligi sohasidagi ilg‘or yutuqlari bilan jahon iqtisodiyotida yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelmoqda. AQSH aerokosmik texnologiyalar, axborot-kommunikatsiya tizimlari hamda IT muhandisligi yo‘nalishlaridagi innovatsion ishlanmalari orqali global texnologik liderlik maqomini saqlab kelmoqda.
Shu o‘rinda moziyga nazar tashlaydigan bo‘lsak, O‘zbekiston zaminida aniq va tabiiy fanlar bir necha asrlar mobaynida jadal rivojlanib, Markaziy Osiyo hududi jahonning yirik intellektual markazlaridan biri sifatida tanilgan.
Yurtimizda shakllangan Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari dunyo ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarni yetishtirib berdi. Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Koshg‘ariy, Abu Ali ibn Sino, Nasriddin Tusiy, Qozizoda Rumiy, Jamshid Koshiy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi kabi Sharqning buyuk olimlari o‘z ilmiy izlanishlari bilan jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shdilar.
Buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosi va an’analarini izchil davom ettirgan holda, XX asrning 40-yillaridan boshlab O‘zbekistonda fizika fanini rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi. O‘zbekiston fizika maktabi qattiq jismlar fizikasi, atom yadrosi fizikasi, yarim o‘tkazgichlar fizikasi, lazer fizikasi va issiqlik fizikasi kabi muhim yo‘nalishlarda samarali tadqiqotlar olib borib, jahon ilm-fani rivojiga salmoqli hissa qo‘shdi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda bugun ham ilm-fan va muhandislikni rivojlantirish milliy taraqqiyotning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ta’lim tizimi, xususan, fizika fanini o‘qitish jarayoni raqamli texnologiyalar bilan uzviy integratsiyalashib bormoqda.
An’anaviy o‘qitish usullari o‘rniga zamonaviy dasturiy vositalar va interaktiv platformalardan foydalanish ta’lim sifatini sezilarli darajada oshiradi, talabalarda chuqurroq ilmiy va muhandislik tafakkurini shakllantiradi. Fizika fani muhandislikning barcha yo‘nalishlarida asosiy ilmiy poydevordir.
Energetika sohasida fizika elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash jarayonlarining asosini tashkil etadi. Qurilish muhandisligida fizikaning statika va dinamika bo‘limlari binolar, inshootlarning mustahkamligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Materiallar qarshiligi, yuklamalar taqsimoti hamda zilzila xavfsizligi kabi omillar fizik hisob-kitoblarsiz amalga oshirilmaydi.
Tibbiyot muhandisligida fizika zamonaviy diagnostika va davolash texnologiyalarining asosini tashkil etadi. MRT ya’ni, magnit-rezonans tomografiya, UZI-ultratovush tekshiruvi hamda lazer texnologiyalari fizik qonunlar tamoyillariga asoslanadi. Bu esa tibbiy tashxis qo‘yishning aniqligini oshiradi.
Axborot texnologiyalari va robototexnika sohasida esa fizika sensorlar, mikrochiplar, elektron qurilmalar va sun’iy intellekt tizimlarining ishlash mexanizmini belgilaydi.
Agar maktab ta’limi tizimida fizika faniga bo‘lgan qiziqish yetarli darajada shakllanmasa, bu dolzarb pedagogik muammolarga sabab bo‘ladi. Ko‘plab o‘quvchilar fizika fanini murakkab, faqat formulalar va nazariy qonunlardan iborat fan sifatida qabul qiladi. Natijada fan bilan real hayot o‘rtasidagi bog‘liqlik yetarli darajada anglanmaydi. Bu esa o‘quvchilarning motivatsiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ushbu muammoni bartaraf etish uchun esa avvalo тажрибавий darslarni kengaytirish, ya’ni o‘quvchilar fizik qonuniyatlarni faqat eshitish orqali emas, balki bevosita tajriba orqali o‘rganishi lozim. Oddiy va arzon laboratoriya jihozlaridan foydalanish orqali ham maktab sharoitida ham fizik hodisalarni amaliy ko‘rsatish mumkin.
Interaktiv raqamli platformalarni joriy etishning ham ahamiyati yuqori, jumladan, PhET kabi virtual laboratoriyalar orqali murakkab jarayonlarni vizual tarzda tushuntirish imkoniyati mavjud.
Robototexnika va texnik ijodkorlik to‘garaklarini rivojlantirish ham ayni fanning imkoniyatlarini ochib beradi. O‘quvchilarda muhandislik tafakkurini shakllantirib, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantiradi. Bunday yondashuvlar fizika fanini o‘quvchilar uchun qiziqarli, tushunarli va hayotiy fan sifatida shakllantiradi.
Xulosa qilib aytganda, zamonaviy sharoitda fizika ta’limini raqamli texnologiyalar, simulyatsion tizimlar va virtual laboratoriyalar bilan integratsiya qilish muhandislik ta’limining sifatini sezilarli darajada oshiradi.
Ruxsat FARMONOVA,
Oliy ta’limni rivojlantirish
va global hamkorlik markazi,
bo‘lim bosh mutaxassisi.
O‘zA