Farg‘onada Mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan festival o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahridagi Ahmad al-Farg‘oniy nomli madaniyat va istirohat bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» shiori ostida madaniy-ma’rifiy festival bo‘lib o‘tdi.
Sharqiy harbiy okrug davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etgan tadbir xalqimizning milliy qadriyatlarini targ‘ib etish, yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash hamda mustaqillik yillarida qo‘lga kiritilgan yutuqlarni keng jamoatchilikka yetkazishga qaratildi.
[gallery-30999]
Festival dasturidan harbiy orkestr jamoasining musiqiy chiqishlari, faxriy qorovul bo‘linmasining ko‘rgazmali namoyishlari, shuningdek, harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi bo‘yicha chiqishlari o‘rin oldi. Harbiylarning kasbiy mahorati va jangovar tayyorgarligini namoyon etgan chiqishlar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbir davomida Yangi O‘zbekistonda inson qadrini yuksaltirish, xalq farovonligini ta’minlash va mamlakat taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari xususida so‘z yuritildi. Shuningdek, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikni asrash, yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy g‘urur va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bayramona ruhda o‘tgan festival mamlakatimiz mustaqilligi, xalqimiz hamjihatligi va Vatan ravnaqi yo‘lidagi birdamlik g‘oyalarini keng targ‘ib etdi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA