BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari, rezolyutsiyasiga oid masalalar ko‘rib chiqildi
Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi hamda “Yuksalish” harakati hamkorligida umumta’lim maktablari kutubxonalarining joriy holati, badiiy kitob fondi va o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringi natijalari muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Qo‘mita raisi Odiljon Mamatkarimov maktab kutubxonalarining ta’lim sifatini oshirish, yoshlarning ma’naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirishdagi ahamiyatiga to‘xtalib, ularni zamonaviy talablar asosida rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.
“O‘zbekiston - 2030” strategiyasining 39-maqsadi, joriy yilga mo‘ljallangan davlat dasturi hamda ustuvor islohotlar dasturlarida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringi natijalari ko‘rib chiqildi. Maktab kutubxonalaridagi shart-sharoitlar, badiiy adabiyotlar fondi va raqamli imkoniyatlar holati muhokama qilinib, ularni yanada yaxshilash masalalariga e’tibor qaratildi.

Muhokama yakunida maktab kutubxonalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
***
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi tomonidan davra suhbati tashkil etildi.
Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish oyligi doirasida “Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning roli: yangi vazifalar va imkoniyatlar” mavzusiga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2026-yil 24-iyul kuni qabul qilingan “Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyaning mazmun-mohiyatiga e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston parlamentining BRMni milliy qonunchilik va davlat dasturlariga integratsiya qilish, ular ijrosini parlament nazoratiga olish hamda aholi muammolarini parlament mexanizmlari orqali hal etishdagi roli qayd etildi. Mahalliy kengashlarning BRMni hududlarda amalga oshirishdagi ishtiroki, xotin-qizlar va yoshlarning parlament faoliyatidagi roli ham muhokama qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA