Ilm-fan dunyosida tanilgan olim
Yonimizdagi olimlar
Bioorganik kimyo sohasida taniqli olim, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Shavkat Salixov bugun o‘zbek olimlari orasida o‘z o‘rniga ega.
1944 yil 12 dekabrda Toshkentda tug‘ilgan olim Toshkent davlat universitetini tugatgan. Biologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Xitoy Fanlar akademiyasining chet ellik akademigi ilmiy darajalariga erishgan. “El-yurt hurmati” va “Mehnat shuhrati” ordenlari, “Fan va texnologiya sohasida xalqaro hamkorlik” mukofoti bilan taqdirlangan.
Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo institutida ilmiy xodim, laboratoriya mudiri, direktor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi prezidenti, senator kabi lovozimlarda faoliyat olib borgan. bugungi kunda Bioorganik kimyo instituti direktori lavozimida ishlamoqda.
U respublikamizda oqsillar kimyosi maktabi asoschilaridan biri bo‘lib, bioorganik kimyo va biotexnologiya sohasidagi ishlari bilan ilm-fan dunyosida keng tanilgan olim. Uning jonivorlar zaharlaridan ajratilgan oqsil va peptid tabiatli moddalarni o‘rganish bo‘yicha ilmiy ishlari keng ilmiy hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgan.
Sh.Salixov rahbarligida gossipol olishning yangi texnologiyasi yaratilgan va tatbiq etilgan. Bir qator yangi dori vositalari, preparatlari tibbiyot amaliyotiga tatbiq etilgan.
[gallery-7381]
Klinik sinov natijalariga ko‘ra, “Rutan tabletkalari, 0,1 g” №20 o‘rtacha og‘irlikda kechayotgan o‘pka yallig‘lanishi 30 foiz bo‘lgan COVID-19 kasalligiga, hamda grippning barcha shtammlariga qarshi dori vositasi sifatida qo‘llash uchun ruxsat etildi.
Sog‘likni saqlash vazirligi, SARS-CoV-2 virusi bilan kasallangan bemorlarni davolashda shifokor tavsiyasiga Rutan preparatni qo‘llash ma’kullandi. “Rutan, 100 mg” preparati COVID-19 koronavirus infeksiyasi bilan og‘rigan bemorlarni davolash protokoliga kiritilgan.
Sh.Salixov rahbarligida g‘o‘za zararkunandalariga qarshi kurashish uchun atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan feromonli tutqichlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. bugungi kunda respublikamiz paxtachilik xo‘jaliklarini ko‘sak qurti va kuzgi tunlam zararkunandalariga qarshi feromonli tutqichlar bilan to‘liq ta’minlab kelmoqda. Bugunki kunda pomidor va kartoshka kuyasi, sharq mevahori, ombor uzunburuni kabi zararkunandalarga qarshi yaratilgan feromonli tutqichlarning sinovlari amalga oshirilmoqda.
Sh.Salixov rahbarligida respublikada birinchi marta hujayra texnologiyalari asosida elita navlariga xos urug‘lik kartoshkasini yetishtirish texnologiyasi ishlab chiqildi. Ayni paytda ushbu texnologiya respublika miqyosida samarali amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, olim 400 dan ortiq ilmiy nashrlar, shu jumladan, 2 ta monografiya, 56 ixtiro va 52 dan ortiq patentlar muallifi, 9 ta fan doktori va 26 ta fan nomzodlarini tayyorlagan.
D.Mamatova, Oqil G‘ulomov(surat), O‘zA