“Ilk qadam” milliy o‘quv dasturini joriy etish yuzasidan trening
Joriy yilning 20-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi texnik ko‘magida, Islom taraqqiyot banki (ISDB), Arab muvofiqlashtirish guruhi (ACG) va Ta’lim bo‘yicha global hamkorlik(GPE)ning “O‘zbekiston Respublikasida ta’lim xizmatlari sifati va samaradorligini oshirish” Smart-Ed hamkorlikdagi loyihasi doirasida mazkur qisqa muddatli o‘quv kursining ikkinchi bosqichi boshlandi.
Ushbu bosqich doirasidagi treninglar 20-22-aprel kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida bo‘lib o‘tdi.

Mazkur o‘quv kurslarini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad maktabgacha ta’lim tizimida ta’lim-tarbiya sifatini yanada oshirish, pedagog kadrlarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish, “Ilk qadam” milliy o‘quv dasturini samarali joriy etish hamda pedagoglarni zamonaviy metodika va innovatsion yondashuvlar asosida tayyorlashdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, maktabgacha ta’lim tizimida ta’lim-tarbiya jarayonining sifati va samaradorligini oshirish, pedagog kadrlarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish hamda “Ilk qadam” milliy o‘quv dasturini amaliyotga samarali joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining tegishli buyrug‘i qabul qilindi.
Mazkur buyruqqa muvofiq, “Ilk qadam” milliy o‘quv dasturini maktabgacha ta’lim tashkilotlarida keng joriy etish bo‘yicha mentor-trenerlar va pedagoglarni tayyorlashga qaratilgan qisqa muddatli o‘quv kurslari 2026-yil aprel-avgust oylarida kaskad usulida tashkil etilishi belgilandi.
Birinchi bosqichi joriy yil 6-10-aprel kunlari xorijiy mutaxassislar ishtirokida tashkil etilib, unda maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi pedagogik mahorat markazining malakali pedagoglaridan iborat mentor-trenerlar tayyorlandi.

Ikkinchi bosqich 20-apreldan 31-mayga qadar Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti hamda hududiy pedagogik mahorat markazlarida o‘tkazilib, unda mentor-trenerlar tomonidan tayanch maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor o‘rinbosarlari o‘qitiladi.
Uchinchi bosqich 2026-yil 1–30-iyun kunlari tayanch maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tashkil etilib, unda direktor o‘rinbosarlari tomonidan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbar xodimlari o‘qitiladi.
To‘rtinchi bosqich 2026-yil 1-iyuldan 15-avgustga qadar davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida amalga oshirilib, unda direktor o‘rinbosarlari (direktorlar) tomonidan davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari uchun treninglar tashkil etiladi.
Shuningdek, 2026-yil may-iyun oylarida Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetida xorijiy mutaxassislar tomonidan tayyorlangan mentor-trenerlar ishtirokida respublikaning 13 ta pedagogika oliy ta’lim muassasasi talabalari va mutaxassislari uchun kaskad usulida o‘quv seminarlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida 2026-yil iyun-iyul oylarida Toshkent pedagogika texnikumida pedagogika texnikumlarining maktabgacha ta’lim yo‘nalishi mutaxassislari uchun ham treninglar tashkil etiladi.
Nukus shahrida uch kun davom etgan tadbir davomida ishtirokchilar seksiyalarga bo‘lingan holda maktabgacha ta’lim va bola rivojlanishi, shaxsga yo‘naltirilgan pedagogikaning tamoyillari va asoslari, individuallashtirish va shaxsiy o‘quv uslublari, o‘yin yordamida ta’lim berish, ta’lim muhitini tashkil qilish va rivojlantirish markazlarini yaratish, “Ilk qadam” bo‘yicha ta’limni rejalashtirish, oilalar bilan hamkorlik va ota-onalarni jalb qilish kabi muhim mavzular yuzasidan bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi.
Trening yakunida ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan sertifikatlar topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.