Uch avlod uchrashuvi: ma’naviyat va tajriba uyg‘unligi
Buxoro davlat pedagogika institutida Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda “Nuroniylar” jamg‘armasi viloyat bo‘limi hamkorligida “Uch avlod uchrashuvi” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir yuqori saviyada tashkil etildi.
Tadbirda “Nuroniylar” jamg‘armasi viloyat bo‘limi rahbari Samoydin Husenov hamda Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Hamza Elliyev ishtirok etib, bu kabi uchrashuvlarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, yosh avlodni vatanparvarlik, insonparvarlik va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda katta avlod tajribasining ahamiyati beqiyos ekanini ta’kidladi.
Faxriy ustozlar o‘zlarining boy hayotiy tajribalari, mehnat faoliyati davomida orttirgan bilimlari va ma’naviy merosi bilan o‘rtoqlashdilar. Yoshlarga ilm olish, sabr-toqatli bo‘lish, kasbga sadoqat va insonparvarlik kabi fazilatlar haqida samimiy maslahatlar berildi. Bu esa talabalar qalbida ustozlarga hurmat va kasbga mehr tuyg‘ularini yanada kuchaytirdi.
Tadbir davomida milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, avlodlar davomiyligini ta’minlash, oila va jamiyatda keksalarning o‘rnini yuksaltirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bunday tadbirlar ta’lim tizimida ustoz-shogird an’analarini yanada mustahkamlash, yoshlarning ma’naviy kamolotini yuksaltirish, ularni hayotga tayyorlash va jamiyatda munosib o‘rin egallashlariga xizmat qiladi.
[gallery-28938]
Xulosa qilib aytganda, “Uch avlod uchrashuvi” nafaqat ma’naviy-ma’rifiy tadbir, balki kecha, bugun va ertangi kunni bog‘lab turuvchi muhim ko‘prik vazifasini o‘tadi. Bunday uchrashuvlar yoshlar qalbida ezgulik, ilmga intilish va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlaydi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.