Ilg‘or va zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari namoyish etildi
Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida «AgroTech Klaster» korxonasi hamda Agrobank hamkorligida «Qishloq xo‘jaligi texnikalari yarmarkasi – 2026» ko‘rgazma-yarmarkasi tashkil etildi.
Qishloq xo‘jaligida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnika va texnologiyalarni keng jamoatchilikka namoyish etish, fermer va klaster xo‘jaliklarini ilg‘or texnika vositalari hamda texnik yechimlar bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, ta’lim muassasalari, ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar va amaliyotchi mutaxassislar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan yarmarka samarali o‘tdi.
Ko‘rgazmada turli quvvat va vazifalarga mo‘ljallangan zamonaviy traktorlar, g‘alla o‘rish kombaynlari, ekish mashinalari, tuproqqa ishlov berish agregatlari, transport vositalari hamda boshqa qishloq xo‘jaligi texnikalari, xususan, LOVOL rusumli traktorlar, zamonaviy ekish agregatlari hamda yirik quvvatli texnikalar namoyish etildi.

Ayniqsa, tadbir Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti talabalari uchun katta amaliy ahamiyat kasb etdi. Institutning agroinjeneriya, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish, texnik servis va turdosh ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalarga zamonaviy texnika vositalari bilan yaqindan tanishish, ularning asosiy mexanizmlarini o‘rganish, ishlab chiqaruvchi va soha mutaxassislari bilan muloqot qilish imkonini berdi.


Ko‘rgazma davomida qishloq xo‘jaligi korxonalari, fermer xo‘jaliklari, klaster korxonalar hamda texnika vositalarini yetkazib beruvchi tashkilotlar vakillari o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan fikrlashdi.
Ushbu ko‘rgazma zamonaviy qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini mexanizatsiyalashtirish darajasini oshirish, resurs tejamkor va yuqori unumli texnikalarni amaliyotga joriy etish, mehnat unumdorligini oshirish va mahsulot tannarxini kamaytirishga, qolaversa, ta’lim – ilm-fan – ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlashga xizmat qildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri