Ijtimoiy munosabatlarda ziyolilarning örni
XXI asrda jahonda keçayotgan globallaşuv, geosiyosiy özgarişlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanişi va raqamli transformatsiya jarayonlari jamiyat hayotining barça sohalariga sezilarli taʼsir körsatmoqda.
Bunday şaroitda har bir davlatning barqaror taraqqiyoti nafaqat iqtisodiy salohiyat, balki jamiyatdagi maʼnaviy birlik, ijtimoiy hamjihatlik, millatlararo totuvlik va fuqarolik masʼuliyati bilan ham belgilanadi. Ayniqsa, turli millat va elatlar, madaniyatlar va dunyoqaraşlar vakillari istiqomat qiladigan köp millatli jamiyatlarda özaro hurmat, bağrikenglik, hamkorlik va umumiy Vatan taqdiriga daxldorlik tuyğusini mustahkamlaş muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada “Yangi Özbekiston ziyolilari – milliy yuksaliş tayançi” şiori ostida Qoraqalpoğiston Respublikasida joriy yilning 10-11-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi ziyolilari kengaşining hududiy yiğilişi bölib ötganligi ham muhim ahamiyatga ega.

Ziyolining jamiyatdagi örni uning egallagan mavqei yoki unvoni bilan emas, balki xalq hayotiga, yoşlar tarbiyasiga, ilm-fan rivojiga va ijtimoiy tafakkur yuksalişiga qöşayotgan hissasi bilan ölçanadi. U tarixni anglaydi, bugunning muammolariga befarq qaramaydi va kelajak oldidagi masʼuliyatini çuqur his etadi.
Özbek xalqi köp asrlik boy davlatçilik, ilm-fan, madaniyat va maʼrifat tarixiga ega. Qadimiy Turon zaminida şakllangan sivilizatsiyalar, Buyuk ipak yöli orqali rivojlangan madaniy aloqalar, şaharsozlik, hunarmandçilik, ilm-fan va adabiyot anʼanalari xalqimizning jahon tamadduniga qöşgan ulkan hissasidan dalolat beradi.

Ayniqsa, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farğoniy, Mirzo Uluğbek, Alişer Navoiy, Berdaq, Ajiniyoz kabi ajdodlarimizning ilmiy va maʼnaviy merosi insoniyat tafakkuri taraqqiyotida alohida örin tutadi.
Alişer Navoiy ijodida inson kamoloti, adolat, saxovat va maʼrifat ğoyalari yuksak badiiy mahorat bilan tarannum etilgan. Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarida tarixiy tafakkur, kuzatuvçanlik va insoniy keçinmalar öziga xos ifodasini topgan. Jadid maʼrifatparvarlari esa xalqni ilmli, maʼrifatli va zamonaviy dunyoqaraşga ega bölişga daʼvat etganlar.
Yangi Özbekistonni barpo etiş jarayonida milliy taraqqiyotning iqtisodiy va siyosiy omillari bilan bir qatorda, maʼnaviy-axloqiy asoslariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Raqamli taraqqiyot zamonaviy jamiyatning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va madaniy hayotini özgartirayotgan muhim omillardan biridir. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sunʼiy intellekt, internet platformalari, elektron davlat xizmatlari va raqamli taʼlim tizimlari insonlarning kundalik faoliyatida tobora muhim örin egallamoqda.
Raqamli transformatsiyani faqat texnik yangilaniş sifatida baholaş töğri emas. U inson tafakkuri, muloqot madaniyati, ijtimoiy munosabatlar, mehnat faoliyati va fuqarolik iştirokining yangi şakllarini vujudga keltirayotgan kompleks jarayondir.
Zamonaviy media makon ommaviy axborot vositalari, internet naşrlari, ijtimoiy tarmoqlar, bloglar, messenjerlar va boşqa raqamli kommunikatsiya vositalarini qamrab oluvçi axborot muhiti hamdir. Mazkur jarayonda oila, mahalla va taʼlim muassasalari özaro hamkorlikda faoliyat yurituvçi muhim ijtimoiy institutlar sifatida namoyon böladi. Xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi faol iştirokini taʼminlaş, onalik va bolalikni muhofaza qiliş, oilaviy barqarorlikni mustahkamlaş ham uşbu tizimning ajralmas qismidir.
Jamiyatning kelajakdagi raqobatbardoşligi, innovatsion rivojlanişi va maʼnaviy barqarorligi köp jihatdan ziyolilarning bilim darajasi, kasbiy tayyorgarligi, dunyoqaraşi va ijtimoiy faolligiga boğliq.
Bugungi globallaşuv şaroitida milliy tarbiya masalasi yangi mazmun kasb etmoqda. Axborot oqimining kuçayişi, turli madaniy taʼsirlarning kengayişi, raqamli texnologiyalarning yoşlar hayotiga çuqur kirib borişi va ijtimoiy munosabatlarning özgarişi tarbiya tizimi oldiga, el-yurt ziyolilari oldiga yangi vazifalarni qöymoqda.
Yaxşibeka Abdullayeva,
Demokratik jarayonlarni tahlil qiliş markazi Qoraqalpoğiston Respublikasi hududiy bölinmasi rahbari, Qoraqalpoğiston Respublikasi Jöqorği Kengesi deputati, tarix fanlari doktori, professor
ÖzA