Ijtimoiy himoya tizimi takomillashmoqda
Buxoro viloyatida faoliyat yuritayotgan 34 ta ijtimoiy muassasa hamda 7 ta tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi orqali aholiga sifatli xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Ayniqsa, mahallalarda ish olib borayotgan ijtimoiy xodimlar fuqarolarning dardini eshitish, ularning muammolarini joyiga chiqqan holda o‘rganish va tezkor yechim topish borasida muhim o‘rin tutmoqda.
Bugungi kunda “Inson” ijtimoiy xizmatlari markazlari tomonidan aholiga 120 turdagi xizmat yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularning 82 tasi bevosita ijtimoiy xizmatlardan iborat. Shuningdek, tushuntirish va referal xizmatlar orqali fuqarolarning huquqiy, tibbiy va psixologik muammolariga ham yechim topilmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Zoyirovning ta’kidlashicha, joriyning yil 1-aprel holatiga ko‘ra, 4 ming 590 ta oila bo‘yicha ijtimoiy ish — “keys” ochilib, ularning aksariyatida birlamchi baholash ishlari amalga oshirilgan.
–14 mingdan ziyod oila a’zolariga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish maqsadida 44 mingdan ortiq individual rejalar ishlab chiqildi. Mahallalardagi ijtimoiy xodimlar va markaz operatorlari tomonidan 93 mingdan ziyod murojaat qabul qilinib, 66 mingdan ortiq muhtoj fuqaroga amaliy yordam ko‘rsatildi, –deydi u.
Bu raqamlar ijtimoiy himoya tizimida manzilli yondashuv kuchayib borayotganini ko‘rsatadi. Endi yordam umumiy emas, balki har bir oilaning ehtiyoji, sharoiti va muammosidan kelib chiqib tashkil etilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida “Kambag‘allik” va “Ijtimoiy himoya yagona reyestr”lari birlashtirilib, yagona “Ijtimoiy reyestr” tizimi joriy qilindi. Bugungi kunda viloyatda 31 ming 553 ta oila ushbu reyestrga kiritilgan bo‘lib, bu ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlashda shaffoflik va tizimlilikni ta’minlamoqda.
Olot tumani Usmonshayx mahallasida yashovchi I guruh nogironligi bo‘lgan Muharram Tohirova hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar ijtimoiy himoya tizimining amaliy natijasini yaqqol ko‘rsatadi. U davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy-maishiy xizmatlar, tibbiy reabilitatsiya va manzilli yordamlar bilan to‘liq qamrab olingan.
Xonadoni ta’mirlanib, yashash sharoiti yaxshilangani, har oy kompensatsiya to‘lovlari o‘z vaqtida yetkazib berilayotgani hamda dori-darmon va davolanish imkoniyatlari yaratilgani uning hayotida katta yengillik bo‘ldi.
Muharram opaning so‘zlariga ko‘ra, eng muhimi, inson o‘zini yolg‘iz his qilmasligi kerak. –Ilgari ko‘p qiyinchiliklarga duch kelardik. Hozir esa holimizdan xabar olishyapti, kerakli yordamlarni olyapmiz. E’tibor va g‘amxo‘rlik insonga kuch berar ekan,–deydi u minnatdorlik bilan.
Qorako‘l tumanida yashovchi yakka-yolg‘iz keksa Toshpo‘lat Qutliyev ham doimiy ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olingan. Unga protez-ortopediya moslamalari, texnik reabilitatsiya vositalari yetkazib berilgan, kommunal to‘lovlar uchun kompensatsiyalar ajratilgan. Shuningdek, Ramazon oyi va kuz-qish mavsumi munosabati bilan bir martalik moddiy yordamlar ko‘rsatilgani ham inson qadriga bo‘lgan e’tiborning amaliy ifodasi bo‘lmoqda.
Qorako‘l tumani Do‘stlik mahallasida istiqomat qiluvchi Ra’no Xolmurodova ham davlat g‘amxo‘rligini his etayotgan fuqarolardan biri. Unga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar, texnik reabilitatsiya vositalari va kompensatsiyalar uning turmush sharoitini yengillashtirishga xizmat qilmoqda.
2026-yilning yanvar–mart oylarida reyestrga kiritilgan oilalarga 52 mingdan ziyod ijtimoiy xizmat ko‘rsatildi. Bu jarayonda aholini barqaror daromad manbai bilan ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Minglab fuqarolar tadbirkorlikka jalb qilinib, doimiy ish o‘rinlari yaratildi. Imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratildi, kasb-hunarga o‘qitish ishlari kengaytirildi.
Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarni bandlikka jalb etish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyatda mehnatga jalb qilish mumkin bo‘lgan 25 mingdan ziyod nogironligi bo‘lgan shaxslar aniqlangan bo‘lib, joriy yilda ularning qariyb 5 ming nafarini ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Bu esa ijtimoiy himoya faqat nafaqa yoki moddiy yordam emas, balki insonni iqtisodiy jihatdan mustaqil qilishga qaratilgan tizim ekanini anglatadi.
Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda minglab murojaatlar qabul qilinib, himoya orderlari rasmiylashtirildi.
Psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordamlar ko‘rsatildi. Shoshilinch qabul xonalarida jabrlangan ayollar va ularning farzandlariga vaqtinchalik boshpana berildi.
[gallery-29657]
Ayniqsa, resurs markazi tomonidan og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan xotin-qizlarga amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.
Shu bilan birga, alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun ham keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Inklyuziv ta’lim, maxsus sinflar va “Ilk rivojlanish markazlari” faoliyati orqali yuzlab bolalar ta’lim va tarbiya bilan qamrab olingan.
Buxoro viloyatida ijtimoiy himoya tizimida amalga oshirilayotgan ishlar bir haqiqatni yaqqol namoyon etmoqda: inson qadrini ulug‘lash bu shior emas, balki amaliy ishlar orqali ro‘yobga chiqarilayotgan hayotiy tamoyildir.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA