Yerga munosabat — kelajakka munosabat
Bugun mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, yerdan samarali va adolatli foydalanish tizimini shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, fermer va dehqonlarning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish, ularning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash hamda yer munosabatlarini raqamlashtirish orqali sohada yangi bosqichga o‘tishga qaratilgan islohotlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida davlat rahbarining joriy yil 24-apreldagi “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining yerdan foydalanishdagi mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash hamda mazkur hujjatning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish masalalari tushuntirildi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasini tubdan isloh qilish, yer munosabatlarini bozor tamoyillari asosida tashkil etish, mulkdor va ishlab chiqaruvchilarning iqtisodiy manfaatdorligini kuchaytirishga qaratilgan izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Farmon bilan yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish tizimini yanada soddalashtirish, ortiqcha byurokratik jarayonlarni qisqartirish, yer munosabatlarida inson omilini kamaytirish hamda raqamlashtirish mexanizmlarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, Farmonda fermer, dehqon xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarining yerdan foydalanish huquqlarini kafolatli himoya qilish, ularning iqtisodiy mustaqilligini kuchaytirish, yer maydonlaridan samarali foydalanish orqali yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda aholi bandligini oshirishga qaratilgan muhim vazifalar belgilab berilgani qayd etildi.

Tadbir ishtirokchilariga bugungi kunda hududlarda yer maydonlarini xatlovdan o‘tkazish, ularning aniq hisobini yuritish, elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish, yer ajratish jarayonlarini ochiq elektron platformalar orqali amalga oshirish hamda davlat xizmatlarini soddalashtirish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan ham ma’lumotlar taqdim etildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA