Mehr va diydor ayyomi
Qurbon hayiti yaqinlashishi bilan qishloq va mahallalarda o‘zgacha fayz seziladi. Hovlilar supurilib, tandirlar qizdirilib, non yepiladi, o‘choqda osh damlanadi. Atrofni non isi egallaydi. Hali tong otmasidanoq mahallani takbir sadolari, qo‘ni-qo‘shnilarning bayramona shovqini chulg‘ab oladi.
Har gal Qurbon hayiti kelishi bilan bolaligimning eng beg‘ubor kunlarini eslayman. Erta tongda uyg‘onib, hovli va ko‘chalarga suv sepib supurganlarimiz hanuz ko‘z o‘ngimda. Biz — ukalarim bilan bobom, dadam va amakilarimning hayit namozidan qaytishini intizorlik bilan kutardik. Qo‘limizda kichik xaltacha, ko‘nglimizda esa beg‘ubor hayajon…

Ular kirib kelishlari bilan xonadonga bayramning haqiqiy ruhi yoyilardi. Bobomning do‘ppisi, dadamning oq ko‘ylagi, amakilarimning quvnoq chehrasi — barchasi hayitning ajralmas manzarasi edi. Keyin esa bizga “hayitlik” tarqatilardi. Holva, ho‘rozqand, turli shirinliklar va eng muhimi — “hayit qarz”.
Jizzax viloyatida qadimdan saqlanib kelayotgan “hayit qarz” udumining o‘ziga xos ma’naviy ahamiyati bor. Kattalar bolalarga bayram munosabati bilan pul yoki sovg‘a berar, bu esa nafaqat quvonch, balki mehr va e’tibor ramzi hisoblanardi. Bolalar esa olgan hayitligini tengdoshlariga ko‘rsatib, quvonchini yashira olmasdi.
Qurbonlikka atalgan jonliq so‘yilganidan keyin mahalla yanada gavjumlashardi. Yaqinlar, qarindoshlar va qo‘ni-qo‘shnilar bir dasturxon atrofida yig‘ilib, diydorlashuvlar boshlanardi. Kattalar suhbat qurib, duo qilishar, bolalar esa ko‘chalarda shovqin-suron ko‘tarib o‘ynashardi.

Eng ta’sirlisi, kattalarning mehr-oqibati edi. Bobom va dadam mahalladagi yolg‘iz keksalar, beva-bechoralar holidan xabar olar, qurbonlik go‘shti va shirinliklardan ulashardi. O‘sha paytlarda bolalik ongimiz bilan ham yaxshilik qilishning naqadar ulug‘ fazilat ekanini his qilardik.
Qurbon hayiti nafaqat bayram, balki tarbiya maktabi ham bo‘lgan. Kattalar “Qo‘shning tinch — sen tinch”, “Mehr bergan inson kam bo‘lmaydi” deya farzandlarga insonparvarlikni o‘rgatishardi. Bu tarbiya kitob orqali emas, amal orqali singdirilardi.
Qishloqlarda hayit kunlari bolalar uchun haqiqiy sayilga aylanardi. “Arg‘imchoq uchish”, “chillak”, “oq terakmi, ko‘k terak”, “quvlashmachoq” kabi milliy o‘yinlar mahallaga yanada shodlik bag‘ishlardi. Qizlar yangi ko‘ylaklar kiyib, sochiga rangli lentalar taqishar, o‘g‘il bolalar esa do‘ppi kiyib, guruh-guruh bo‘lib aylanishardi.
Bu o‘yinlar ortida xalqning ming yillik ruhi, milliy madaniyati va bolalikning beg‘ubor quvonchi yashirin edi.
Bugun zamon o‘zgardi. Texnologiyalar taraqqiy etdi, shaharlar kattalashdi, odamlar shoshqin hayotga ko‘nikib qoldi. Ammo Qurbon hayiti kelishi bilan inson qalbidagi o‘sha iliq tuyg‘ular yana uyg‘onadi. Endi ko‘pchilik yaqinlarini telefon yoki internet orqali tabriklamoqda. Biroq bayramning ma’naviy mohiyati — mehr, saxovat va diydor qadri o‘zgargani yo‘q.
Aslida milliy bayram va an’analarni asrab-avaylash jamiyat ma’naviy barqarorligini mustahkamlaydi. Ayniqsa, yosh avlodga hayitning asl mazmunini anglatish — bugungi kunning muhim vazifalaridan biri.
Chunki Qurbon hayiti — shunchaki bayram emas. U insonlarni yaqinlashtiradigan, qalblarni yumshatadigan, mehr-oqibatni ulug‘laydigan ulug‘ ayyomdir.
Ehtimol, inson ulg‘aygan sari bolalikdan uzoqlashar. Ammo Qurbon hayiti kelishi bilan har kimning qalbida bir bola uyg‘onadi… Hovliga suv sepib yurgan, hayitlik kutgan, bobosining duosiga ko‘z tutgan o‘sha beg‘ubor bola…
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA