Ijodning ayollarga xos ohangi
Bugun milliy adabiyotimiz ravnaqi yo‘lida ayol-qiz ijodkorlar ham samarali mehnat qilib, adabiy jarayonning mazmunan boyishi va rang-barangligiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida o‘zbek shoira va adibalarining ijodini jamlagan «Dorilamon kunlar keldi» nomli antologiya taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur antologiya O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan nashr etilgan bo‘lib, unda o‘zbek xotin-qizlarining adabiyotdagi o‘rni, ijodiy izlanishlari, badiiy tafakkuri va milliy adabiyot rivojiga qo‘shayotgan munosib hissasi keng namoyon etilgan.
Ko‘p yillardan buyon shoira va adibalar ijodini bir kitobda jamlash g‘oyasi adabiyot ahli uchun ezgu niyatlardan biri bo‘lib kelgan. «Dorilamon kunlar keldi» antologiyasining nashr etilishi ana shu ezgu niyatning amaliy ifodasi bo‘ldi.
To‘plamdan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi bo‘lgan ijodkor ayollar o‘rin olgan. Antologiyada avlodlar davomiyligi va ijodiy vorislik tamoyiliga alohida e’tibor qaratilgan. Unda 110 nafar shoira va 31 nafar adibaning ijod namunalari jamlangan. Kitobdan o‘zbek nazmi va nasrida munosib o‘rin egallagan ustoz ijodkorlar bilan bir qatorda, bugun adabiyot maydonida o‘z ovozi va uslubiga ega bo‘lib borayotgan yosh qalam sohibalarining asarlari ham o‘rin olgan.
Taqdimot tadbirida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, shoir Minhojiddin Mirzo, uyushma raisi o‘rinbosari, shoira Farida Afro‘z va boshqalar antologiyaning adabiy jarayondagi ahamiyati, unda jamlangan ijodkorlarning o‘ziga xosligi hamda bunday nashrlarning milliy adabiyot taraqqiyotidagi o‘rni haqida fikr bildirdi.
Tadbir davomida uyushma a’zolari yangi kitobning ahamiyati, unda jamlangan ijod namunalari, shuningdek, mamlakatimizda ayol-qiz ijodkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar xususida batafsil so‘z yuritdi.
[gallery-31370]
«Dorilamon kunlar keldi» antologiyasi nafaqat bugungi o‘zbek adabiyotida xotin-qizlar ijodining salmog‘ini ko‘rsatuvchi muhim nashr, balki turli avlod vakillarini bir adabiy makonda birlashtirgan ma’naviy-ijodiy xazina sifatida ham ahamiyatlidir.
Antologiyaning nashr etilishi o‘zbek adabiyotida shoira va adibalar ijodini keng targ‘ib qilish, ularning adabiy merosini asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Taqdimot yakunida «Dorilamon kunlar keldi» antologiyasi tadbir ishtirokchilariga tuhfa qilindi.
Aytish kerakki, ushbu to‘plamda jamlangan asarlar o‘zbek ayolining qalb dunyosi, orzu-intilishlari va hayotga munosabatini badiiy ifoda etgani bilan ham e’tiborlidir. Kitob sahifalarida turli davr vakillarining ijodiy tajribasi uyg‘unlashib, adabiy an’ana va yangilanishning o‘ziga xos manzarasi namoyon bo‘ladi.
Bu kabi antologiyalar adabiy jarayondagi nomlarni bir joyga jamlash barobarida, ularning ijodini keng kitobxonlar ommasiga yaqinlashtirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, yosh shoira va adibalarning ustoz ijodkorlar bilan bir to‘plamdan joy olgani adabiy vorislikning muhim ko‘rinishlaridan biridir.
«Dorilamon kunlar keldi» nomi ham bugungi ijodkor ayollarning erkin fikri, yuksak orzu-umidlari va yaratuvchan ruhini o‘zida mujassam etgan. Ishonch bilan aytish mumkinki, mazkur antologiya milliy adabiyotimiz xazinasini yana bir muhim nashr bilan boyitib, kelgusi avlod ijodkorlari uchun ham munosib adabiy manba bo‘lib xizmat qiladi.
N.Usmonova,
O.Pardayev (suratlar), O‘zA