Toshkentda radiatsion xavfsizlik: to‘qqiz oylik nazorat natijalari
Poytaxtimizda aholi salomatligini saqlash, atrof-muhit muhofazasini ta’minlash va radiatsiyaviy xavflarning oldini olish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan 2026-yilning o‘tgan 9 oyi davomida bajarilgan keng ko‘lamli radiologik nazorat natijalari buning yaqqol tasdig‘idir.
Radiatsiyaviy xavfsizlik har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishining kafolati hisoblanadi. Shu boisdan ham poytaxt miqyosida radioaktiv manbalardan foydalanish jarayonlari qat’iy nazorat ostiga olingan. Joriy yilning to‘qqiz oyi mobaynida soha xodimlari tomonidan 141 ta ob’ektda radioaktiv moddalar va boshqa ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalaniladigan korxona va muassasalarda xavfsizlik talablariga rioya etilishi tekshirildi.
Shuningdek, bevosita ishchi o‘rinlari va ularning atrofidagi nurlanish darajasini aniqlash uchun 3 942 ta o‘lchov bajarildi, poytaxtimizning jamoat joylarida tabiiy va texnogen gamma-fon ko‘rsatkichlari 12 ming 580 ta nuqtada maxsus asboblar yordamida tekshirib chiqildi. Laboratoriya sharoitida esa 13 ming 163 ta namuna, jumladan 123 ta qurilish materiallari namunalari radionuklidlar mavjudligi yuzasidan chuqur tahlil qilinib, belgilangan talablarga muvofiq 141 ta sanitariya-epidemiologiya xulosasi rasmiylashtirib berildi.
O‘tkazilgan barcha instrumental o‘lchovlar va laboratoriya tekshiruvlarida radiatsiya darajasining belgilangan xavfsiz me’yorlardan ortiqligi aniqlanmadi. Bundan tashqari, hisobot davrida Toshkent shahrida birorta ham radiatsion avariya yoki noxush hodisa qayd etilmadi. Bu mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholining radiatsiyaviy xavfsizligini kafolatlash borasidagi davlat siyosatining amaliy natijasidir.
Zamonaviy dunyoda ishlab chiqarish, tibbiyot va ilm-fanda radioaktiv moddalar hamda nurlanish manbalaridan keng foydalaniladi. Bu jarayonlar doimiy ravishda qat’iy nazoratda bo‘lishini talab qiladi. Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan olib borilayotgan bu kabi profilaktik va nazorat tadbirlari inson salomatligini muhofaza qilish, atrof-muhit musaffoligini saqlash hamda poytaxtimizda xavfsiz hayot muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA