Kredit va’dasi bilan bog‘liq firibgarlik fosh etildi
Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent shahar Uchtepa tuman bo‘limi xodimlari hamkorligida firibgarlik holati fosh etildi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaroga Toshkent shahridagi nufuzli banklardan biri orqali 500 million so‘m kredit rasmiylashtirib berishga ko‘maklashish evaziga 150 million so‘m talab qilib, undan 1 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtda 2 nafar shaxs ushlandi.
Xususan, 1999-yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan S.J. va uning jinoiy sherigi — 2002-yilda tug‘ilgan, Yakkabog‘ tumanida yashovchi H.S. ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. So‘rov davomida ular pul mablag‘larini 2000-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, Farg‘ona shahrida yashovchi X.D.ga olib borib berishlarini ma’lum qilgan.

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur shaxs ham kelishilgan pul mablag‘larini olayotganda ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Holat yuzasidan ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
A.Musayev, O‘zA