IIV: uch oyda 12 narkolaboratoriya faoliyatiga chek qo‘yildi
Mamlakatda kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan sohaviy va hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari ishtirokida navbatdagi hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov boshqargan majlisda avfsizlikni ta’minlash, ichki ishlar organlari faoliyatini yanada samarali yo‘lga qo‘yish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

O‘tgan uch oy davomida ichki ishlar organlari tizimini takomillashtirishga oid 4 qonun, 1 farmon va 9 muhim qaror qabul qilindi. Mazkur normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan xizmat natijadorligini yanada oshirish va yurtdoshlarimiz osoyishtaligini ta’minlash borasidagi Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan yangi tajribalarni o‘rganish maqsadida hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari poytaxtimizga tashrif buyurdi.
Hay’at yig‘ilishida 2026-yilning dastlabki uch oyida respublika hududidagi kriminogen vaziyat, sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni fosh etish, tashabbus bilan aniqlash hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilindi.
Ta’kidlash joizki, birinchi chorakda oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarning 83,8 foizi fosh etilib, jabrlangan fuqarolarning haq-huquqlarini tiklash ta’minlangan. Jinoyatlarni aniqlash ko‘rsatkichi esa 37,1 foizga yaxshilangan.
Sud va tergov organlaridan yashirinib, javobgarlikdan qochib yurgan qidiruvdagi 2 ming 193 nafar shaxs qo‘lga olingan. Bedarak yo‘qolgan 1 ming 187 nafar shaxsning hayoti xavfli vaziyatlardan saqlab qolindi va oila a’zolarining bag‘riga qaytarildi.

Yig‘ilishda ishtirok etgan mas’ullar tomonidan keltirilgan hisobotlarga ko‘ra, uch oy davomida olib borilgan tezkor-profilaktik tadbirlar natijasida noqonuniy muomaladagi 872 kg. giyohvandlik moddalar va 296 ming 851 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olinib, 12 narkolaboratoriya faoliyatiga chek qo‘yilgan.
Vazirlik tizimida 2026-yil “Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yili” deb belgilanib, o‘tgan uch oy davomida 3 ming 554 kiberjinoyat fosh etildi. 1 ming 125 jinoyat aniqlandi va 5 mingdan ortiq fuqaroga yetkazilgan qariyb 50 milliard so‘m moddiy zarar qaytarildi.
Tezkor-qidiruv tadbirlari bilan birga mahalla jinoyatchiligini bartaraf etish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan ilmiy yondashuv samara berayotgani raqamlarda ham o‘z ifodasini topmoqda. O‘tgan uch oyda respublikadagi 8 ming 992 mahallaning 7 ming 309 tasi “yashil” toifada qolib, birorta ham jinoyat sodir bo‘lmadi. 99 tumanda esa birorta “qizil“ toifadagi mahalla qayd etilmadi.
Tadbirda murojaatlar bilan ishlash natijadorligini oshirishga alohida to‘xtalib o‘tildi. O‘tgan uch oyda vazirlik tizimiga 100 ming 742 murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 68 ming 751 tasi qanoatlantirilgan. 11 ming 834 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan. Hududlarda shaxsiy va sayyor qabullarni shaxsan birinchi rahbarlar tomonidan o‘tkazilishi, har bir murojaat yurtdoshlarimizning muammolarini aks ettirishini to‘liq anglagan holda bu borada tizimli ish faoliyatini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
Fuqarolarga xizmatlarni qulay, tez va samarali yetkazish, ichki ishlar organlari faoliyatini raqamlashtirish maqsadida vazirlik tomonidan 59 davlat xizmati ko‘rsatilgan. Shundan 48 tasi elektron, 11 tasi an’anaviy tarzda amalga oshirilmoqda. Joriy yilning uch oyida ichki ishlar organlari tomonidan fuqarolarga 1,5 millionga yaqin davlat xizmatlari elektron tarzda ko‘rsatilgan.
Tadbirda xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan, aholi hamda safdoshlari tomonidan alohida e’tirof etilgan bir guruh xodimlar Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan munosib rag‘batlantirilgan bo‘lsa, faoliyati davomida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bir qator rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy ta’sir choralari ko‘rildi.
Jinoyatchilikni bartaraf etish, huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l harakati va jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda sohani raqamlashtirishda sustkashliklarga yo‘l qo‘yayotgan bo‘linmalar faoliyati keskin tanqid qilinib, mas’ullarga zaruriy chora-tadbirlarni o‘z vaqtida ko‘rish bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berildi.
N.Abduraimova,
O‘zA