Issiqxonachilik kam xarajat, yuqori sifat va ekologik barqarorlik manbai
Prezidentimizning joriy yil 25-martdagi “Aholini kuz-qish mavsumlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida 940 gektar maydonda zamonaviy, energiya tejamkor issiqxona majmualari tashkil etiladi.
Bu loyiha hududda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilib, vohaning eksport salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish barobarida energiya tejamkorligiga xizmat qiladi. Jumladan qarorda 2026 - 2027-yillarda Respublikada issiqxonalar faoliyatini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib, Sherobod tumanida kamida 940 gektar maydonda zamonaviy issiqxona majmualarini joylashtirish, energiya tejamkor va muqobil energiya manbalariga asoslangan isitish tizimlari ulushini kamida 50 foizga yetkazish, atmosfera havosiga zararli tashlamalar tashlayotgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini bosqichma-bosqich kamaytirish belgilab qo‘yildi.

Bu ishni tizimli va samarali tashkil etish uchun tumanda “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilib, uning hududida faoliyat olib boradigan issiqxona xo‘jaliklariga yer uchastkalari tadbirkorlarga elektron onlayn auksion orqali ijaraga berilganda besh yil davomida ijara to‘lovining nol stavkasini qo‘llash, issiqxonalarni sug‘orish va texnologik jarayonlar uchun ishlatiladigan oqova va yerosti suvlari uchun to‘lovlardan 3 yil muddatga ozod etish, anomal sovuq ob-havo sharoitlari davrida, istisno tariqasida, belgilangan ekologik talablarga rioya etgan holda ko‘mir yoqishga ruxsat berish kabi imtiyoz va preferensiyalar qo‘llaniladi.
Ayni paytda Sherobod tumanida “Sherobod Asset Green” mas’uliyati cheklangan jamiyatining yuqori texnologik, energiya tejamkor issiqxonalar kompleksi shunday ilg‘or tajriba asosida faoliyat yuritmoqda.
Tadbirkorning Toshkent va Jizzax viloyatlarida ham issiqxonalari bor. Bu issiqxonalarda qishin-yozin turli sabzavot yetishtirilib, aholiga sifatli, ekologik toza va raqobatbardosh qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib beriladi.

– Mamlakatimizning turli hududlarida issiqxonachilikni rivojlantirishga qulay muhit bor, – deydi Sherobod tumanida “Sherobod Asset Green” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Mirkamollidin Fayzullayev. – Sohadagi 30 yillik tajribamga suyanib aytamanki, aynan Surxondaryo viloyati bu yo‘nalish uchun juda qulay hudud. Viloyatning iqlimi nisbatan iliq, quyoshli kunlar ko‘p bo‘lgani uchun issiqxonalarni samarali ishlatish imkoniyati yuqori. Ayniqsa, qish faslining yumshoq kelishi issiqxonalarni isitish uchun sarflanadigan energiya miqdorini sezilarli darajada kamaytiradi. Bu tadbirkorlar uchun ham iqtisodiy jihatdan katta qulaylik yaratadi. Chunki, energiya sarfi kamaygani sari ishlab chiqarish xarajatlari ham kamayadi. Eng muhimi, qo‘shimcha isitish tizimlaridan kamroq foydalanilgani atmosfera havosiga chiqariladigan zararli gazlar miqdorini ham kamaytiradi. Ya’ni, bu nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshiradi, balki atrof-muhitni muhofaza qilishga ham xizmat qiladi.
Tumandagi “Sherobod Asset Green” mas’uliyati cheklangan jamiyatining issiqxonasida parvarishlanayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari mamlakatimizning boshqa hududlariga nisbatan erta pishib, yetilgani va ekologik toza bo‘lgani uchun ham xorijliklarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Tajribali tadbirkorning ta’kidlashicha, Surxonda issiqxonachilik bu – kam xarajat, yuqori sifat va ekologik barqarorlik degani. Surxondaryoning issiq quyoshi va tadbirkorlarning shijoati birlashsa, voha nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro bozorlarda ham eng raqobatbardosh mahsulot yetkazib beruvchi hududga aylanadi. Vohaning dovrug‘i yanada oshib, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri