“Lola va kabob” festivali ko‘tarinki ruhda o‘tdi
Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida joylashgan Obihayot mahallasi hududida “Lola va kabob” festivali yuqori saviyada va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi.
Bahorning go‘zal nafasi ufurib turgan ushbu kunda festival maydoniga tashrif buyurgan mehmonlar tabiatning betakror manzaralari, rang-barang lolalar va milliy qadriyatlar uyg‘unligiga guvoh bo‘ldi. Tadbir hududning turistik imkoniyatlarini keng namoyon etish, milliy an’analarni asrab-avaylash va targ‘ib qilish, shuningdek, mahalliy gastronomiyani ommalashtirishga xizmat qildi.
Festival doirasida tashkil etilgan gastronomik ko‘rgazmalar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, tandirda tayyorlangan xushbo‘y kaboblar, milliy taomlar ko‘rgazmasi va oshpazlarning mahorat darslari mehmonlarga o‘ziga xos zavq bag‘ishladi. Ustalar tomonidan namoyish etilgan hunarmandchilik mahsulotlari yarmarkasi ham ko‘pchilik e’tiborini tortdi.
Shu bilan birga, milliy sport o‘yinlari, xalq o‘yinlari va turli tanlovlar tadbirga yanada jon baxsh etdi. San’atkorlar ishtirokida o‘tkazilgan konsert dasturlari esa festival kayfiyatini yanada yuqori pog‘onaga ko‘tardi. Bolalar va yoshlar uchun tashkil etilgan varraklar namoyishi va tabiat qo‘ynidagi pikniklar ishtirokchilarga unutilmas taassurot qoldirdi.
Tadbir doirasida o‘tkazilgan infoturlar orqali hududning sayyohlik salohiyati keng targ‘ib qilindi. Ekologik plogging aksiyalari esa ishtirokchilarni atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga undadi.
[gallery-29132]
Festival ishtirokchilari ta’kidlaganidek, bunday tadbirlar nafaqat aholiga maroqli dam olish imkonini yaratadi, balki hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, turizm salohiyatini oshirish va milliy merosni kelajak avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Lola va kabob” festivali o‘zining mazmundor dasturi, milliy ruh va fayzli muhiti bilan ishtirokchilar qalbida iliq xotira sifatida muhrlandi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari