Ichki ishlar vazirligi dzyudochilari Moskvada o‘tgan xalqaro turnirda 2-o‘rinni egalladi
Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida dzyudo bo‘yicha politsiya xodimlari o‘rtasida XX xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi.
Rossiya Federatsiyasining 6 ta hududidan hamda Belarus, Turkiya, Ozarbayjon, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston jamoalari qatnashgan bahslarda har bir jamoa 5 nafar sportchidan iborat bo‘lib, dzyudochilar -66, -73, -81, -90 va +90 kilogrammda kurash olib bordi.
Hamyurtlarimiz saralash bellashuvlarida Belarus, Turkiya, Ozarbayjon, Tojikiston, Qirg‘iziston jamoalaridan ustunlikka erishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi terma jamoasidan iborat faxriy dzyudochilarimiz kuchli raqobat ostida kechgan bellashuvlar natijasida 2-o‘rinni egalladi.
Rossiya jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 3-o‘rinlar Rossiya Mudofaa vazirligi hamda Belarus dzyudochilariga tegishli bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA