Ichki ishlar vaziri rahbarligida o‘tkazilgan sayyor qabulda 536 murojaat qayd etildi
Mamlakatimizda aholi murojaatlari bilan ishlash, fuqarolarning dard-u tashvishlarini eshitish va ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Davlatimiz rahbari tomonidan bu borada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ichki ishlar organlarida aholi bilan ochiq muloqotlar va sayyor qabullar muntazam tashkil etilmoqda.

Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov rahbarligida navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi. Unda sohaning mas’ul rahbar va mutasaddilari ishtirok etib, fuqarolarning murojaatlarini tinglash va ularga amaliy yechim topishga alohida e’tibor qaratildi.
Qabul jarayonida aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida hududiy omillar inobatga olindi. Xususan, Toshkent shahri va viloyati fuqarolari bilan yuzma-yuz uchrashuvlar tashkil etilgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda mamlakatimizning boshqa hududlarida istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun videokonferensiya aloqasi orqali masofaviy qabullar o‘tkazildi. Bu esa fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliksiz murojaat qilish imkoniyatini kengaytirdi.

Qabul davomida ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq turli masalalar ko‘tarildi. Jumladan, fuqarolar o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlar, surishtiruv va tergov jarayonlarida yuzaga kelgan muammolar, ijtimoiy himoya, ishga qayta tiklanish, shuningdek, boshqa huquqiy masalalar yuzasidan murojaat va takliflar bildirildi.

Tadbir yakuniga ko‘ra, jami 536 murojaat qayd etildi. Ularning 301 tasi, ya’ni 56 foizi belgilangan tartibda joyida ijobiy hal etildi. Qolgan 235 murojaat esa qo‘shimcha o‘rganish talab etilgani sababli nazoratga olinib, mas’ul sohaviy xizmatlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyati hamda boshqa hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan tashkil etilgan qabullarda esa 395 murojaat kelib tushdi. Ularning 43 foizi yoki 170 tasi joyida hal qilingan bo‘lsa, 225 tasi qo‘shimcha tekshiruv va huquqiy o‘rganish asosida ko‘rib chiqish uchun yo‘naltirildi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonida aholining real ehtiyoj va talablaridan kelib chiqqan holda uzoq vaqt davomida yechimini topmagan muammolarni bartaraf etish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini tiklashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Bunday sayyor qabullar davlat organlari va xalq o‘rtasidagi ochiq muloqotni mustahkamlash, aholining davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini oshirish hamda mavjud muammolarni tezkor hal etishda muhim ekanligi inobatga olinib barcha hududlarda tizimli ravishda davom ettiriladi.
N.Abduraimova,
O‘zA