Endi g‘oliblar xalqaro turnirda O‘zbekiston sharafini himoya qiladi
Mamlakatimizda bolalar sportini, ayniqsa, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida badiiy gimnastikani rivojlantirishga qaratilgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda.
Xususan, davlatimiz rahbarining 2022-yil 23-dekabrdagi “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab bog‘chalarda “Gimnastikaga ilk qadam” dasturi joriy etildi.
Ana shu qaror ijrosi doirasida hududlarda yosh iste’dodlarni kashf etish, ularni sportga keng jalb qilish va xalqaro maydonlarga tayyorlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jizzax viloyatining Zomin tumanida o‘tkazilgan “Spring flowers” (Bahor gullari) respublika ochiq turniri ana shunday ezgu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasiga aylandi. Unda Jizzax shahridagi 12-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari badiiy gimnastika bo‘yicha munosib ishtirok etib, faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritishdi.
Musobaqada jajji sportchilar — Bibisora Norpo‘latova, Omina Ulug‘bekova, Munisa Toirova hamda Imona Norpo‘latova nafaqat mahorat, balki sahna madaniyati, harakatlar nafosati va chiqishlardagi uyg‘unlik bilan ham hakamlar e’tirofiga sazovor bo‘lishdi. Qalblarga quvonch ulashgan chiqishlarni tomoshabinlar ham chin dildan olqishlashdi.

Eng muhimi, g‘olib jamoa endi joriy yil avgust oyida Ozarbayjonning Boku shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro turnirda O‘zbekiston sharafini himoya qiladi. Bu esa jajji gimnastikachilar uchun katta ishonch va yanada yuksak marralar sari tashlangan muhim qadamdir.
Tarbiyalanuvchilar musobaqaga 12-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti jismoniy tarbiya yo‘riqchisi Nozima Meliyeva rahbarligida puxta tayyorlandi.

— Bugun mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Prezident qarorlari asosida bog‘chalarda gimnastika mashg‘ulotlarining yo‘lga qo‘yilgani jajji qizlarda sportga qiziqishni yanada oshirdi. Biz ham tarbiyalanuvchilarning iqtidorini erta aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratmoqdamiz, — deydi 12-sonli DMTT direktori Mamlakat Ermatova.
Mamlakat opaning ta’kidlashicha, muassasa tarbiyalanuvchisi Bibisora Norpo‘latova nafaqat sportda, balki intellektual yo‘nalishlarda ham yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqda.
— Kuni kecha Samarqand shahrida o‘tkazilgan mental arifmetika bo‘yicha xalqaro turnirda ham Bibisora faxrli 2-o‘rinni egalladi. Eng muhimi, u 7 ta xorijiy davlatga vaucher yutib oldi va endilikda o‘z tanloviga ko‘ra mazkur davlatlarning biriga borish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Bu esa yosh avlodga yaratilayotgan imkoniyatlarning amaliy ifodasidir, — deydi Mamlakat Ermatova.
Qayd etish joiz, “Spring flowers” respublika ochiq turniri yosh gimnastikachilarning mahorat almashishi, iqtidorlarini namoyon etishi hamda xalqaro musobaqalarga saralanishi uchun muhim maydon vazifasini o‘tamoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri