Ichan qal’ada maqom sadolari yangradi (+video)
Milliy gvardiya tizimida xizmat qilayotgan harbiylar nafaqat Vatan himoyasidagi mahoratini, balki milliy san’atga bo‘lgan mehrini ham namoyon etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Milliy gvardiya tizimida «Eng yaxshi maqom» ijrochiligi ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi o‘tkazildi.
Ishtirokchilar avval hududiy boshqarmalar, harbiy qism va muassasalarda tashkil etilgan saralash bosqichlarida o‘z mahoratini ko‘rsatib, Respublika bosqichiga yo‘llanma olgan.
Endi esa Ichan qal’aning qadimiy devorlari orasida eng sara ijrochilar o‘zaro bahslashdi.
Tanlovda ishtirokchilarning ijrosi hakamlar hay’ati tomonidan bir qator mezonlar asosida baholandi. Maqom matni va musiqasining badiiy saviyasi, ijrochining ovoz va soz mahorati, sahna madaniyati hamda ijroning ta’sirchanligiga alohida etibor qaratildi.
Qadimiy urf-odatlar, milliy liboslar, xalq kuy-qo‘shiqlari va o‘ziga xos sahna ko‘rinishlari Ichan qal’aga yanada fayz kiritdi.
Bu manzaralar harbiylar uchungina emas, Xivaga tashrif buyurgan sayyohlar uchun ham qiziqarli bo‘ldi. Ayniqsa, milliy san’atimizning jonli ijrosi xorijlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, faxrli birinchi o‘rin Toshkent viloyati vakili, 3-darajali serjant Shohruh Sobirovga nasib etdi.
Ikkinchi o‘rinni 65921-harbiy qism oddiy askari Muhammadjon Nabiyev egalladi.
Uchinchi o‘rin esa Xorazm viloyati vakillari — kapitan Kumush Yo‘ldosheva hamda 3-darajali serjant Rahima Yo‘ldoshevaga berildi.
Tanlov g‘oliblari va faol ishtirok etgan harbiy xizmatchilar tashakkurnoma, esdalik hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
N.Rahmonova,
U.To‘xtayev(montaj), O‘zA