Uchtepa tumanida sun’iy ko‘l barpo etilmoqda
Uchtepa tumanida 90 sotix maydonda yangi sun’iy ko‘l va dam olish maskani qurilishi boshlandi.
Bu loyiha hudud iqlimini yaxshilash, chang miqdorini kamaytirish hamda aholi uchun maroqli hordiq chiqarish imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan.

- Qo‘rg‘ontepa mahallasi 340 va 346- davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti orasida ushbu inshoot bunyod etiladi, - deydi Uchtepa tumani hokimligi qurilish bo‘limi boshlig‘i Abdulla Ardiyev.

– Ko‘lga suvni ikki yo‘nalishda olib kelish reja qilingan. Birinchisi - ko‘chadagi ariqdan doimiy keladigan suvni yo‘naltirish orqali, ikkinchisi quduq qazish orqali. Bu cho‘milish hududi emas, faqatgina iqlimimizni yanada yaxshilash, chang zarralarini kamaytirish maqsad qilingan. Ushbu ko‘l hududida 66 dona turli xildagi manzarali daraxtlar mavjud bo‘lib, barchasi saqlab qolingan xolatda yana manzarali daraxt ko‘chatlari ekiladi. Undan tashqari, bu yerda piyodalar yo‘lagi, dam olish hududi, ayvonchali o‘tirish o‘rindiqlari bo‘ladi. Loyiha 2 oyga mo‘ljallandi. Dekabr oyida yakunlashni mo‘ljal qilganmiz.

- Bizga o‘xshagan qariyalar uzoqqa borolmaydi. Mana shu yerda aylanib dam olib ketamiz. Bolalarimizga ham yaxshi, o‘ynaydigan joylar bo‘lar ekan. Biz bundan juda xursandmiz, - deydi mahallaning keksa onaxoni Mehriniso To‘xtamisheva.

Bo‘lajak ko‘l 37 sotix maydonni egallaydi, chuqurligi esa 2 metrni tashkil etadi. Uni drenaj quduqlari va tabiiy ravishda oqib keladigan ariqlar orqali suv bilan to‘ldirish rejalashtirilgan. Loyihani joriy yil oxirigacha yakunlash ko‘zda tutilgan.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA