Qabristonlarni obodonlashtirish o‘tganlar xotirasiga ehtirom va kelajakka ibrat ishidir
Vaqti-vaqti bilan ota-bobolarimiz, yaqinlarimiz mangu qo‘nim topgan maskanlarni ziyorat qilamiz. Shu joylarda ko‘ngil bir muddat borliqning jimligiga quloq tutadi. Kishi ne xotiralar, ne xayollar bilan atrofni kuzatadi.
Bugun muqaddas manzillarimizning ahvoli va ularni obod saqlash mas’uliyati haqida so‘z yuritamiz.
Ochig‘ini aytganda, ko‘p joylarda qabristonlarni tozalash, devorlarini ko‘tarish yoki yo‘laklarini sozlash ishlari ma’lum bir tizimga solinmagan edi. Bu ishlar asosan qaysidir kuyunchak yurtdoshimizning tashabbusi yoki bayramlar oldidan o‘tkaziladigan hasharlar hisobiga amalga oshirilardi. Vaholanki, bu muqaddas manzillar o‘tmishimizga ko‘zgu bo‘luvchi maskanlar hisoblanadi.
Ana shu muammolarga barham berish va qabristonlarni haqiqiy ma’noda obod hamda tartibli qilish maqsadida Hukumatimiz tomonidan xayrli va xalqchil qaror qabul qilinganiga hali ko‘p bo‘lmadi. Vazirlar Mahkamasining shu yil 21-maydagi “Qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ayni shu masalaga uzil-kesil yechim bo‘ldi. Bu hujjat ota-bobolarimiz yotgan maskanlarni asrab-avaylashga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.
Eng avvalo, bu sohada to‘liq ochiqlik va qat’iy tartib o‘rnatilmoqda. Qabriston uchun tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalari qoshida alohida shaxsiy hisobvaraq ochilishi muhim yangilik bo‘ldi. Ushbu hisobvaraqqa tushgan mablag‘ faqat o‘sha qabristonni obod qilish uchungina sarflanadi. Bu mablag‘larni boshqa maqsadlarga ko‘chirib o‘tkazish taqiqlanadi.
Shuningdek, bu jarayonda mahallaning roli ortdi. Bugun mahalla fuqarolar yig‘inlari o‘z hududlaridagi qabristonni obod qilish bo‘yicha Obodonlashtirish boshqarmasiga bevosita ariza va buyurtma bera oladi. Ya’ni “devorning ustini yopish kerak”, “yo‘lakka shag‘al yotqizish kerak” yoki “yoritish chiroqlari o‘rnatish lozim” kabi talablarni mahallaning o‘zi o‘rtaga qo‘yadi.
An’analarimizdan biri bo‘lgan hasharlar ham endi yangicha tizimda davom etmoqda. Har chorakda bir marotaba “O‘tganlarni xotirlash — muqaddas qadriyat” shiori ostida keng ko‘lamli hasharlar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Bunda hokimliklar aholiga ko‘maklashish uchun barcha zarur texnika va asbob-uskunalarni yetkazib beradi.
Qarorga ko‘ra, 2027–2029-yillarga mo‘ljallangan alohida dastur tasdiqlandi. Unga muvofiq, yaqin yillarda yurtimizdagi barcha qabristonlarning atrofi devorlar bilan o‘ralib, kirish darvozalari o‘rnatiladi. Ichki yo‘laklar ravon qilinib, zarur bino va inshootlar tartibga keltiriladi.
Bu mavzuni nega yodga oldik? Chunki qabristonlarni obod va toza saqlashni qaysidir tashkilotninggina vazifasi deb bo‘lmaydi. Bu hammamizning, butun jamiyatimizning vijdon ishi sanaladi. Ota-bobolarimiz kuz oylarida ham ko‘plab hasharlar qilib, yomg‘irdan to‘yina boshlagan zaminga ko‘chat qadaydilar. Yashnab turgan daraxt esa hayotning to‘xtamaydigan maromi va tiriklik ramzidir.
Zero, muqaddas manzillarni obodonlashtirish o‘tganlar xotirasiga ehtirom va kelajakka ibrat ishi ekanini unutmaylik.
Muhayyo TOSHQORAEVA,
O‘zA muxbiri