Huquqshunos haqidagi kitob taqdimoti
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi 44-o‘rta maktabda ichki ishlar organlari faxriysi, iste’fodagi podpolkovnik, hozir Jinoyat ishlari bo‘yicha Ko‘kdala tuman sudi raisi bo‘lib ishlayotgan O‘ktam Rasulovning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Huquqshunoslik olamining bir vakili” nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda ichki ishlar organlari faxriylari, viloyat sudi jinoiy ishlari bo‘yicha sudyalari, maktab pedagogika jamoasi va o‘quvchilari, kitob qahramonining oila a’zolari, sinfdosh va kursdoshlari va boshqalar ishtirok etishdi.

Taqdimotda so‘z olgan iste’fodagi polkovniklar Sodiq Islomov, Omongeldi Turopov, viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Hamid Boboqulov, jurnalist Jo‘ra Boborahmat va boshqalar kitobda mustaqillik yillarida mamlakatimiz ichki ishlar organlari tizimlarida amalga oshirilgan islohotlar, el-yurt osoyishtaligini ta’minlash va fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish yo‘lidagi mashaqqatli va sharafli xizmat fidoyisining yorqin hayot yo‘li tasvirlanganini e’tirof etishdi.

– Odatda kuchli insonlar hayotda yuksak martabani oddiyligi bilan qo‘lga kiritadi. Har qanday oddiylik mukammallikning intihosidir. O‘ktamjon bilan ichki ishlar organlarida uzoq yillar birga ishladik. Xuddi ota-boladek qadrdon edik. Munosabatimizda sun’iylik bo‘lmagan. U tergovchi sifatida jinoyat ishlariga chuqur tahlillar jarayonida aniq tashxis qo‘yishi bilan ajralib turardi. Prokuratura yoki sud tomonidan e’tirozlar tushmagan. Ayniqsa, ayblanuvchilar ham, jabrlanuvchilar adolatli bahodan xursand bo‘lishgan. U insoniy xislatlari bilan odamlarning e’tiboriga tushgan edi. Bunday insonlar jamiyatning tayanchi, odamlarning huquqiy himoyachisi, suyanchisi bo‘lishadi. Kitobda O‘ktamjonning hayoti haqqoniy yoritilganligi meni juda mamnun etdi, – deydi iste’fodagi polkovnik Ubaydulla Ismoilov.

Bundan tashqari, kitobda O‘ktam Rasulovning advokatlik va sud tizimidagi faoliyati davomida fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, adolat tantanasi yo‘lidagi sa’y-harakatlar, tergov va sud jarayonidagi insonlar taqdiriga munosabatlari o‘z ifodasini topgan.

Viloyat huquq-tartibot tizimlarida ko‘p yillar davomida samarali xizmat qilib, bugungi kunda yoshlarni ona Vatanga muhabbat, xizmat burchiga sadoqat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shib kelayotgan O‘ktam Rasulov faoliyatiga bag‘ishlangan kitob yosh huquqshunoslar uchun yaxshi manba bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Tadbir yakunida O‘ktam Rasulov o‘zi ta’lim olgan maktabga iki yuz dona kitob sovg‘a qildi.
Kitob mualliflari shoir O‘roz Haydar va Bahriddin Aliqulovdir.
Sodiq Rahimov, jurnalist. O‘zA