Huquqni e’tirof etish jarayoni takomillashdi, tezlashdi
2024-yil noyabr oyidan kuchga kirgan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun asosida shu paytgacha Samarqand viloyatida 13 585 nafar fuqaroning uy-joyiga nisbatan huquqlar e’tirof etildi.
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish maqsadida tegishli qonun qabul qilingan.
Mazkur qonunga ko‘ra, mamlakatimiz fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning 2018-yil 1-mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yoki ortiqcha egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlari qonunchilikda belgilangan tartibda rasmiylashtirilmoqda.
Shuningdek, fuqarolarning bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylari hamda ular egallagan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlari ham qonuniy asosda mustahkamlanmoqda.
Bundan tashqari, 2020-yil 9-martga qadar kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan tadbirkorlik sub’ektlarining yashash uchun mo‘ljallanmagan binolari va inshootlari yoki ularning qismlari joylashgan yer uchastkalari, shuningdek, xususiylashtirilgan bino va inshootlar egallagan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar ham belgilangan tartibda qonuniylashtirilmoqda.

– Viloyatimizda qonun ijrosi yuzasidan joriy yilning birinchi yarmi yakunigacha 84 ming 601 ta ob’ekt xatlov qilinib, “Etirof” platformasiga kiritilgan, – deydi Samarqand viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ozodjon Shodiqulov. – Shundan 44 ming 988 tasi muhokama jarayonida, ya’ni vakolatli tashkilotlar tomonidan tegishli xulosalar berish uchun taqdim etilgan, 18 ming 325 tasi esa adliya xulosasi kutilmoqda. Shu paytgacha boshqarmamiz tomonidan 22 ming 360 ta ob’ektga nisbatan tegishli xulosalar o‘z vaqtida shakllantirildi. Shuningdek, qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan o‘ndan ortiq tashkilotga qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnomalar kiritildi. Ushbu taqdimnomalar natijasida 8 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortilgan.
Viloyat adliya boshqarmasi tomonidan xulosa shakllantirilgan 9093 ob’ekt to‘lov jarayonida bo‘lib, fuqarolar tomonidan belgilangan bir martalik to‘lov to‘liq to‘lanishi yoki bir martalik to‘lovni bo‘lib to‘lash bo‘yicha tuman (shahar) soliq inspeksiyalari bilan shartnoma tuzilganda huquqlari e’tirof etilishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, xatlovdan o‘tkazilgan 2001 ta ob’ekt qonun talablariga tushmasligi sababli huquqlar e’tirof etishdan rad qilingan.
– Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida yana 6000 nafar fuqaroning huquqi e’tirof etilishi kutilmoqda, – deya so‘zida davom etadi O.Shodiqulov. – Shu yil 15-iyunda qabul qilingan qonun bilan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan bir qator muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar jarayonni tezlashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni kamaytirish va fuqarolar uchun to‘lov hamda shikoyat qilish mexanizmlarini yengillashtirishga xizmat qildi. Masalan, avval huquqni e’tirof etishgacha bo‘lgan ayrim bosqichlar ancha uzoq davom etardi, endilikda hujjatlarni ko‘rib chiqish muddatlari sezilarli qisqartirildi. Jumladan, ayrim ma’lumotlarni shakllantirish uchun belgilangan ikki oylik muddat 20 kunga, manfaatdor shaxslarni xabardor qilish va tegishli jarayonlar bo‘yicha ayrim muddatlar bir oydan 10 kunga qisqartirildi. Adliya organlari elektron yig‘majild, ma’lumot va hujjatlarni 20 ish kunida o‘rganishi belgilandi. Buning natijasida huquqni e’tirof etish jarayonining umumiy muddati ancha qisqardi.
Bundan tashqari, yangi qoidalarda “soliq qarzdorligi” tushunchasi aniqlashtirildi. Endi huquqni e’tirof etishga to‘sqinlik qiluvchi qarzdorlik sifatida yer solig‘i va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzning bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan oshadigan qismi nazarda tutilmoqda. Buning amaliy ahamiyati shundaki, kichik miqdordagi soliq qarzi mavjudligi avtomatik ravishda huquqni e’tirof etishni rad etishga sabab bo‘lmasligi uchun huquqiy asos paydo bo‘ldi.
Eng muhim yangi mexanizmlardan yana biri yerning bir qismi taqiqlangan hududda bo‘lsa, qolgan qismini qonuniylashtirish imkoniyati yaratildi. Masalan, fuqaro egallab turgan yer uchastkasining faqat bir qismi qurilish taqiqlangan hududga tushsa, ilgarigidek butun ob’ekt bo‘yicha masala salbiy hal qilinishi shart emas. Yangi tartibga ko‘ra, taqiqlangan hududga tushgan qism aniqlanadi va ushbu qism yer maydonidan chiqarib tashlanadi. Qolgan yer va undagi bino-inshootlarga huquqni e’tirof etish masalasi qayta ko‘rib chiqiladi. Vakolatli tashkilotlar bunday ma’lumotni 5 ish kuni ichida qayta ko‘rib chiqishi kerak.
Bu norma, ayniqsa, yer uchastkasining kichik qismi muhofaza yoki qurilish taqiqlangan hududga tushib qolgan holatlarda fuqaroning huquqini to‘liq rad etmaslik imkonini beradi.
Qonunga kiritilgan yangi normaga ko‘ra, yerga bo‘lgan ijara huquqi e’tirof etilganda yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yerlar uchun – 99 yil, boshqa yer uchastkalari uchun – 49 yil etib belgilanadi.
Qonundagi yangi 23¹-modda bilan muhim moliyaviy yengillik kiritildi. Endilikda bir martalik to‘lovni to‘liq bir yo‘la yoki belgilangan tartibda bir yildan uch yilgacha muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin. Belgilangan muddatda bir martalik to‘lovning 50 foizi to‘langan bo‘lsa, qolgan qismini to‘lashdan ozod qilish mexanizmi ham nazarda tutilgan.
Yangi tartibda fuqaroning shikoyat qilish imkoniyatlari ham aniqlashtirildi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga kelib tushgan shikoyat 20 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Agar shikoyat asosli deb topilsa, adliya organining xulosasi bekor qilinishi, vakolatli tashkilotning ma’lumoti yoki hujjati qayta ko‘rib chiqilishi, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni e’tirof etish masalasi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Sud tomonidan adliya organi xulosasi bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, masala qonun talablari asosida qayta ko‘rib chiqilishi belgilangan.
Umuman olganda, bu o‘zgarishlarni huquqni e’tirof etish jarayonini tezkorlik va fuqaroga qulaylik nuqtai nazaridan takomillashtirish deb baholash mumkin. Va bu 2028-yil 1-yanvarga qadar, ya’ni qonun amal qiladigan muddatda belgilangan jarayonlarni o‘z vaqtida amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri